English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat xavfsizligiga oid Konvensiyasi ratifikatsiya qilinadi
15:22 / 2024-07-09

Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risidagi 155-sonli Konvensiyasi 75 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan. Mazkur Konvensiya barcha iqtisodiy faoliyat sohalarini o‘z ichiga olib, davlat xizmatida ishlovchilarga, yollanib ishlovchilarga, shuningdek, bevosita yoki bilvosita ish beruvchining nazorati ostida bo‘lgan ishchi va xodimlarga tatbiq etiladi.

Konvensiyada mehnat faoliyati jaryoni va ishlab chiqarish muhitida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Jumladan, ish joyida yoki ish vaqtida ishchi va xodimlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi bilan bog‘liq turli baxtsiz hodisalar yoxud xavflarning oldini olishga qaratilgan talablarni yanada kuchaytirish belgilangan.  

Bundan tashqari, mazkur xalqaro hujjatda mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta’minlash, ishlab chiqarish muhitini yaxshilash bo‘yicha milliy darajadagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish masalalari aks ettirilgan.  

Endilikda mazkur Konvensiya O‘zbekiston tomonidan ham ratifikatsiya qilinmoqda.  

Qonunchilik palatasining majlisida ushbu masala muhokama qilinar ekan, deputatlar mazkur Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasi va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi. Shuningdek, milliy mehnat qonunchiligiga ishlab chiqarish jarayonidagi turli baxtsiz hodisalar, kasb kasalliklari, ish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan xalqaro standartlarni samarali joriy etish imkonini berishini ta’kidladi.  

Bundan tashqari, O‘zbekistonni istiqbolda halqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xususan, Jahon savdo tashkilotiga integratsiyalashuvi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib, preferensiyalar umumiy (bosh) tizimi doirasida Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi.  

Majlisda “Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risidagi 155-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981 yil 22 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.  

M.Komilova,

O‘zA