Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan MDH mamlakatlari axborot agentliklari jurnalistlari uchun tashkil etilgan “G‘alaba yo‘llari” xalqaro media turining so‘nggi kunida ishtirokchilar Rossiyaning Volgograd shahridagi “Stalingrad jangi” va o‘lkashunoslik muzeylarida bo‘ldilar.
Ushbu maskanlarda hudud o‘tmishi, shahar xalqining ajdodlari va bugungi avlodi turmush tarzi, madaniyati bilan tanishdilar. Ayniqsa, “Stalingrad jangi” muzeyidagi shahar mudofaasi va urushdagi g‘alabaning muhim omili bo‘lgan nemis qo‘shinlarining Stalingradda tor-mor etilishi aks etgan ulkan rangtasvir ishi jurnalistlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shundan so‘ng Volgograd shahridagi hududiy axborot tahlil markazida xalqaro media tur yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Volgograd viloyati gubernatori o‘rinbosari Gennadiy Shevsov, Rossiya axborot agentligi – TASS bosh direktori o‘rinbosari Marat Abulxatin va jurnalistlar xalqaro media tur muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidladi.
[gallery-25446]
– Rossiya axborot agentligi – TASS tomonidan Belarus axborot agentligi (BelTA) va Belarus tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan xalqaro media turda Armaniston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Belarus axborot agentliklari jurnalistlari ishtirok etdi, – dedi M. Abulxatin. – Ular o‘n kun davomida Rossiya va Belarusdagi qahramon shaharlar - Moskva, Brest, Minsk, Sankt-Peterburg va Volgogradda bo‘lib, chinakam g‘alaba yo‘li bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shu bilan birga sobiq ittifoq xalqlarining Ulug‘ Vatan urushi davridagi qahramonliklarini xotirlash har bir missiyaning asosiy qismiga aylandi. Media tur ishtirokchilari bu jarayonlarni o‘zlarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritib bordilar va samarali ishlaganliklariga guvoh bo‘ldik.
TASS bosh direktori o‘rinbosari o‘z so‘zi yakunida “G‘alaba yo‘llari” media turi MDH davlatlari axborot agentliklari o‘rtasidagi yangi qo‘shma loyihalar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lgani va kelgusida uning geografiyasini yanada kengaytirish, ishtirokchilar sonini ko‘paytirish masalasi MDH axborot agentliklari kengashida ko‘rib chiqilishini ta’kidladi.
Anjumanda xalqaro media turning yakuni qahramon Volgograd shahrida o‘tayotgani alohida ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi. Chunki Ulug‘ Vatan urushidagi burilish nuqtasi aynan shu yerda bo‘lgan.
– Stalingrad jangida nafaqat volgogradliklar, balki ko‘p millatli sobiq ittifoqning barcha xalqlari vakillari chinakam jasorat va matonat ko‘rsatganligini yaxshi bilamiz, – dedi Volgograd viloyati gubernatori o‘rinbosari Gennadiy Shevsov. – Ular misli ko‘rilmagan qahramonlik ko‘rsatib shaharni, shu bilan birga dunyo xalqlarini fashizm bosqinidan xalos qilgan. Biz doim qahramonlarimizni qadrlaymiz, janglarda halok bo‘lganlar xotirasi oldida bosh egamiz. Bu yil viloyatimizda buyuk g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan 1000 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. Ko‘plab nufuzli delegatsiyalar shaharga keldi. Mamay qo‘rg‘onidagi “Ona Vatan chorlaydi” haykali o‘rnatilgan maydonda Stalingradni himoya qilgan viloyatlar sharafiga 35 ta yodgorlik lavhasi o‘rnatdik. Biz bu ishni davom ettirishga va MDH davlatlari bilan birgalikda yodgorliklar o‘rnatishga qaror qildik. Qozog‘istonlik do‘stlarimiz bilan hamkorlikda dastlabki ishlarni ham amalga oshirishga erishdik.
Gennadiy Shevsov Stalingrad jangi paytida hududdagi muhim inshootlardan biri Pavlov uyi 58 kun himoya qilingani va unda sobiq ittifoq xalqlarining barchasi ishtirok etganini alohida ta’kidladi.
– Nemislar urush vaqtida Yevropadagi ayrim joylarni ikki-uch kunda egallab olgan, – dedi u. – Bizdagi Pavlov uyini esa ko‘p millatli jangchilarimiz 58 kun mardonavor himoya qilgan. Bu inshootning so‘nggi himoyachisi o‘zbekistonlik jangchi bo‘lgan. Stalingrad janggida minglab o‘zbekistonliklar ishtirok etgani va qahramonlik ko‘rsatganini biz yaxshi bilamiz.
Matbuot anjumanida xalqaro media tur ishtirokchilari ham o‘z fikrlarini bildirib, Ikkinchi jahon urushi va undagi buyuk g‘alabaning tarixiy ahamiyatini kelgusi avlodlarga yetkazish, bu urushda ishtirok etganlar xotirasini abadiy saqlash uchun bu kabi tadbirlarni o‘tkazish muhimligini ta’kidladilar.
G‘olib Hasanov, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA maxsus muxbirlari