Munosabat
Bugun turli ko‘rinishdagi ekologik muammolar global tus olib, barcha mamlakat va xalqlarni qamrab olmoqda. Atrof-muhit muhofazasi, suv tanqisligi, iqlim o‘zgarishi, atmosferaning ifloslanishi, yashillikning kamayib, cho‘llanish kengayib borayotgani dunyo aholisini tashvishga solayotgan muammolardan.
Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida mazkur global muammolarga alohida to‘xtalib, bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi o‘rinbosari Islomjon Qo‘chqorov bu haqda o‘z munosabatini bayon qildi:
— Bugungi kunda insoniyat oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalasidir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi umumsiyosiy munozaralarida nutq so‘zladi. E’tiborli jihati, davlatimiz rahbari bu gal ham oliy minbardan turib global ekologik tahdidlar haqida fikr bildirib, xalqaro hamjamiyatni bu borada qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi. Jumladan, tobora kuchayib borayotgan iqlim o‘zgarishi, Orol dengizi fojiasi, suv resurslari taqchilligi va iqlim migratsiyasi kabi muammolar butun insoniyat taqdiriga daxldor ekanini ta’kidladi.

E’tibor beradigan bo‘lsak, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasidagi har bir ishtirokida ekologik masalalarga alohida to‘xtalib o‘tadi. Jumladan, Prezidentimiz 2020 yil 23 sentyabrda BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida ham bir qator amaliy takliflar hamda tashabbuslarni ilgari surgan edi. Bunda Orol fojiasi butunjahon ekologik muammosiga aylangani qat’iy ta’kidlanib, Orolbo‘yi mintaqasini “ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb e’lon qilish va BMT maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan edi. Shuningdek, 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli daraxt va butalar ekish orqali ekologik muvozanatni tiklash rejalari haqida so‘z yuritgandi. Bugun butun dunyo O‘zbekiston ana shu rejaning uddasidan chiqqaniga guvoh bo‘lib turibdi.
Prezidentimiz bu galgi ma’ruzalarida 2030 yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinishi haqida aytib o‘tdi.
2021 yil bo‘lib o‘tgan 76-sessiyasida esa Prezidentimiz iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhitning ifloslanishi insoniyat oldidagi eng katta tahdidlar ekanini qayd etdi. Shu munosabat bilan 2030 yilgacha energiya samaradorligini ikki baravar oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish va atmosferaga chiqadigan zararli gazlar miqdorini sezilarli darajada kamaytirish takliflarini ilgari surdi. Tabiiyki, bu boradagi vazifalarni bajarishda ham mamlakatimizning namuna bo‘lib kelayotganini dunyo hamjamiyati e’tirof etyapti.
BMTning 2023 yilgi 78-sessiyasida Shavkat Mirziyoyev “uch karra global inqiroz” – iqlim o‘zgarishi, tabiiy muhitning ifloslanishi va bioxilma-xillikning yo‘qolishiga alohida e’tibor qaratdi. Prezidentimiz Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida ko‘rilayotgan choralar, mintaqamizdagi iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siri va suv bilan ta’minlanganlik darajasining kamayish tendensiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltirildi.
Bu vaziyatdan kelib chiqqan holda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasi yaratilishi va mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi qo‘llab-quvvatlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridagi chiqishlari O‘zbekistonning xalqaro maydonda ekologik siyosat borasidagi faolligini va mas’uliyatini namoyon etyapti. Bu nutqlar nafaqat milliy manfaatlarga, balki butun insoniyatning barqaror kelajagiga qaratilgan muhim chaqiriqlar sifatida tarixda qolmoqda.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA