“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi islohotlarni amalga oshirishda ekspert yordam ko‘rsatish hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va institutlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan Xalqaro maslahat kengashi a’zolari – Alfred Guzenbauyer, Aleksandr Kvasnevskiy va Shtefan Fyule Samarqandda bo‘ldi.
Mehmonlar Sharq gavhari bo‘lgan shahardagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor maskanlarni tomosha qildi. Shuningdek, keyingi yillarda hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va yangi loyihalar bilan tanishdi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev bilan uchrashuvda Samarqand viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni, xususan, turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

A.Boboyev mazkur yo‘nalishdagi yirik loyihalar, kelgusi rejalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, ilm-fan, zamonaviy axborot texnologiyalari va sanoat sohasida Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlikning muhimligini ta’kidladi. Maslahat kengashi a’zolari ushbu masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, bu borada viloyatga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi.
– Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan Samarqand azaldan turli millat vakillari tinch-totuv va hamjihatlikda yashaydigan maskan bo‘lgan, – dedi Alfred Guzenbauyer.
– Bu jihat ayni kunlarda butun dunyoda juda muhim ahamiyatga ega. Sayyohlar Samarqand haqida gap ketganda, avvalo, aholining mehmondo‘stligi va samimiyligini e’tirof etadilar va shuning uchun ham ular yana va yana bu yerga kelishga oshiqadilar. Keyingi yillarda hududda turizmning keng rivojlanayotganining asosiy omillaridan biri shu bo‘lsa kerak.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.
G‘.Hasanov, O‘zA