Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro loyihalar tufayli sohaga milliardlab dollar investitsiya jalb qilinmoqda
17:14 / 2025-09-25

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova suv tizimini yaxshilash yo‘nalishida salmoqli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda xalqaro moliya institutlari, investor tashkilotlar hamda xususiy sektor bilan hamkorlik muhim o‘rin tutadi.

O‘zA muxbiri “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Nodir Xo‘jamov bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan ichimlik suvi hamda oqova tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘nalishlari va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.

– Nodir aka, hozirgi kunda suv ta’minoti sohasida xalqaro hamkorlik qay darajada faollashgan?
– Bugungi kunda “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan 10 ga yaqin xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ular orasida Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiya banki, Fransiya taraqqiyot agentligi, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi, OPEK jamg‘armasi va boshqalar bor. Ushbu hamkorliklar orqali hozirgi kunda umumiy qiymati 2,18 milliard dollarga teng 21 ta loyiha amalga shirilmoqda.

Jalb etilgan mablag‘larning 61 foizi – 1,34 milliard dollari ichimlik suvi ta’minotiga, qolgan 39 foizi – 840 million dollari esa oqova suv tizimlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
– Bu loyihalar qaysi hududlarni qamrab oladi va ularning ijtimoiy ahamiyati nimada?
– Aynan ushbu loyihalar doirasida respublika bo‘ylab 9,5 ming kilometrga yaqin suv tarmoqlari va 3,2 ming kilometr oqova tarmoqlari quriladi. Jami 30 dan ortiq tozalash inshootlari va yuzlab nasos stansiyalari, taqsimlash inshootlari hamda suv havzalari barpo etiladi. Bu orqali 4,1 million nafar aholi toza ichimlik suvi, 2,1 million aholi esa oqova xizmatlari bilan ta’minlanadi.

– 2025 yil uchun belgilangan rejalar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– Joriy yilda umumiy qiymati 2,18 milliard dollarlik 21 ta loyiha doirasida 453,5 million dollar qarz mablag‘larini o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar Osiyo taraqqiyot banki, YeTTB, Jahon banki, Fransiya agentliklari va boshqa investorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mazkur mablag‘lar hisobidan 1 046 km ichimlik suvi tarmog‘i, 318 km oqova suv tarmog‘i, 30 ta ichimlik suvi va 14 ta oqova suv inshooti quriladi. Yil yakunigacha 334 ming nafar aholi ichimlik suvi, 206 ming nafar aholi esa oqova xizmati bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

– Sohada istiqbolda qanday yirik loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda?
– Hozirgi paytda qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 21 ta istiqbolli loyiha ustida ish olib borilyapti. Jumladan, OTB, OIIB, KfW (Germaniya), Fransiya agentliklari, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va boshqalar bilan hamkorlikda yangi dasturlar ishlab chiqilyapti. Ularning ayrimlari bo‘yicha texnik-iqtisodiy asosnomalar tayyorlangan, ba’zilarida esa moliyalashtirish manbalari bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

Maqsad – 2028 yilgacha yana bir necha million aholini toza ichimlik suvi va oqova xizmatlari bilan qamrab olish, mavjud infratuzilmani tubdan yangilash va raqamlashtirish.
– Xususiy sektor ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ham ma’lumot bersangiz?
– Hozirgi kunda davlat-xususiy sheriklik asosida 1,8 milliard dollarlik 5 ta loyiha ishlab chiqilmoqda. Ular orasida BAAning “Taqa Water Solutions”, Ispaniyaning “Almar Water”, Fransiyaning “SUEZ”, Misrning “Hassan Allam” va Saudiya Arabistonining “Miahona” kabi kompaniyalari bilan hamkorlikdagi loyihalar bor.

Masalan, Toshkent shahrida zamonaviy oqova suv tozalash inshooti, Samarqand viloyatida yirik quvvatli tozalash stansiyalari, Surxondaryo, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida suv ta’minotini yaxshilash ishlari rejalashtirilgan.

Bu loyihalar 2026 yilgacha to‘liq amalga oshirilishi kutilmoqda va ular sohaga xususiy sarmoyani keng jalb qilish, zamonaviy menejment uslublarini tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
–Bu islohotlar orqali qanday natijalar kutilmoqda?

– Barcha ishlarimiz aholining hayot sifatini yaxshilash, sog‘lom sanitariya muhitini ta’minlash, ekologik barqarorlikni saqlash maqsadida olib borilmoqda. Xalqaro hamkorlik, davlat-xususiy sheriklik, texnik modernizatsiya va raqamlashtirish sohaning kelajagini belgilab beruvchi asosiy yo‘nalishlardir. 
Yirik loyihalar orqali nafaqat infratuzilmani yangilash, balki sohaga yuqori texnologiyalarni, samarali boshqaruvni va barqaror moliyaviy mexanizmlarni joriy etishga intilmoqdamiz.

Nilufar Bozorova, O‘zA