Namangan shahrida mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirishga oid islohotlar doirasida viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumani Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi hamkorligidagi chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish loyihasiga bag‘ishlandi.
Namangan viloyat hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ilhomjon Rahmatov olib borgan tadbir avvalida Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokidagi xalqaro loyiha vakili Alisher Qodirov tomonidan loyihaning asosiy yo‘nalishlari, tadbirkorlar, chorvadorlar, tomorqa egalariga ko‘rsatilayotgan moliyaviy ko‘mak mexanizmlari hamda uni amalga oshirishning joriy bosqichida erishilgan natijalar taqdimot qilindi.
Qolaversa, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida ishbilarmonlik muhiti hamda chorvachilikni ommalashtirishga qaratilgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritildi.

Prezidentimizning 2022-yil 13-yanvardagi tegishli qarori asosida amalga oshirilayotgan mazkur strategik loyihaning umumiy qiymati 100 million yevroni tashkil etib, u chorvachilik tarmog‘ini ilg‘or texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish, mahsuldorlikni oshirish va iqlim o‘zgarishlarini inobatga olgan holda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.
Qayd etilishicha, loyiha doirasida kichik va o‘rta korxonalar, yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlar, dehqon va fermer xo‘jaliklariga milliy valyuta ekvivalentida 100 ming yevrogacha bo‘lgan mablag‘lar 10 yil muddatga (3 yillik imtiyozli davr bilan) taqdim etilmoqda. Hozirga qadar Namangan viloyatida chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan 12 ta loyiha shakllantirilib, agentlikning 40 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.
Kredit mablag‘lari parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, yilqichilik, quyonchilik, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash va saqlash kabi o‘ndan ortiq yo‘nalishlardagi biznes rejalari uchun taqdim qilinadi.

E’tiborlisi, xarid qilinadigan tovar, asbob-uskuna, chorva mollari qo‘shimcha qiymat solig‘isiz to‘liq kredit hisobiga moliyalashtiriladi. Loyiha hisobidan import qilinadigan tovar, xizmat, texnologiyalar, asbob-uskunalar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.
Qo‘llab-quvvatlashning ustuvor jihati grant tizimi bo‘lib, unda loyiha ishga tushirilganidan so‘ng olingan kredit summasining 30 foizigacha bo‘lgan qismi tadbirkorga grant sifatida qaytarib beriladi. Shuningdek, loyiha tashabbuskori bo‘lgan ayollar va 24 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular uchun jami grant miqdori kredit summasining 40 foizigacha yetishi mumkin.
– Xalqaro loyihalar birinchi galda chorvachilik sohasini tubdan rivojlantirishga xizmat qiladi. Bunga men o‘z faoliyatim davomida iqror bo‘lganman, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumani Kuymazor qishlog‘idagi “Karimjon+G” fermer xo‘jaligi rahbari Dilfuza G‘aniyeva. – 2020-yilda tijorat bankidan besh yilga mo‘ljallangan 48 ming dollar miqdoridagi imtiyozli kredit hisobidan qo‘shni Qirg‘iz Respublikasidan 240 bosh zotdor qo‘ylar olib kelgandik. “Har bir oila tadbirkor” dasturi ijrosi doirasida ta’minotchi sifatida xo‘jaligimiz xonadonlariga 400dan ortiq jonivorlarni yetkazib berganmiz. Buning uchun davlat tomonidan bizga 96 million so‘m miqdorida subsidiya ajratilgandi. Demak, bunday loyiha nafaqat tadbirkorning o‘ziga, balki aholining bandligi va farovonligini oshirishga ham salmoqli hissa qo‘shadi.
Anjumanda loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, tegishli mutaxassislar tarafidan jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollariga bafurja javob qaytarildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA