Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro loyiha xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga yordam bermoqda
15:36 / 2022-07-22

Andijonda “O‘zbekistonda tadbirkor ayollar va yosh xotin-qizlar uchun mentoring dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish” loyihasi doirasida olib boriladigan ishlar yuzasidan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Birlashgan Millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi asosida “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda tadbirkor ayollar va yosh xotin-qizlar uchun mentoring dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish” loyihasiga Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida istiqomat qilayotgan fermer ayollar va o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlar jalb etilgan.

– Mazkur loyiha fermer ayollar, shu bilan birga, yosh, tadbirkor xotin-qizlarni manzilli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Andijon viloyat filiali ijrochi direktori Nargiza Mirzaliyeva. – Bunda asosan, yetakchi fermer ayollarining ilg‘or ish uslublari va tajribalarini mentorlik (ustozlik) qilish orqali yosh tadbirkorlar (shogirdlar)ga o‘rgatish va kelajakda ularga o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashishdan iborat.

BMT Taraqqiyot dasturi ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan  tadqiqotlar asosida  yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun besh turdagi mahsulot ishlab chiqarish yo‘nalishlari tanlab olindi. Ya’ni loyiha doirasida quritilgan meva va yong‘oq, quritilgan meva va yong‘oqdan tayyorlanadigan sneklar, quritilgan sabzavotlar, yong‘oq va yeryong‘oq pastasi, donli dukkakli mahsulotlar (mosh) yetishtirish, mevalardan murabbo ishlab chiqarish bo‘yicha yosh tadbirkor qizlarda muayyan bilim va ko‘nikmalar shakllantiriladi.

Mazkur loyiha ekologik toza mahsulotlar tayyorlash, ichki va tashqi bozorni to‘ldirish, aholi, ayniqsa, qishloq joylarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlashga, qolaversa, O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishining ijtimoiy va ekologik barqaror modelini yanada rivojlantirishga  xizmat qiladi.

[gallery-8003]

Loyiha davomida mentor-menti, ya’ni “Ustoz-shogird” an’anasining o‘ziga xos dasturi ishlab chiqiladi va amaliyotga tatbiq etiladi. Har bir hududda o‘ttizdan ortiq yosh qizlarga murabbiylar tomonidan tadbirkorlik asoslari o‘rgatiladi.

Loyiha doirasida o‘tkaziladigan mashg‘ulot va treninglar natijasida muayyan bilim, malaka va tajribaga ega bo‘lgan yosh tadbirkor qizlar mahsulot ishlab chiqarishning yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlaridan birida o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yadi.

– Andijon tumanidagi “Agro produkt eksport tomorqa xo‘jaligi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida “Singli woman” ishlab chiqarish kooperatsiyasi tashkil etganmiz, – deydi tadbirkor Odinaxon Saidova. – Kooperatsiyamizga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan 50 nafar yigit-qiz jalb etilgan. O‘z tajribalarimiz asosida ularga ishlarni samarali yuritish bo‘yicha zarur tavsiya, maslahatlar berilmoqda, amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, “Ustoz-shogird” an’anasi asosida ish olib borilmoqda.

Loyiha doirasidagi mashg‘ulot, seminar-treninglarda olgan bilimlarni yoshlarga o‘rgatyapmiz. Qolaversa, yosh mutaxassislarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ekinlarni tanlash, parvarishlash, yuqori hosil olish va yetishtirilgan mahsulotni sotishda ko‘maklashilmoqda.

Loyiha yakuniga ko‘ra, muvaffaqiyatli biznes-reja taqdim etgan, faol shogird qizlarga BMT Taraqqiyot dasturi doirasida moliyaviy ko‘mak beriladi, ularga o‘zlari tanlagan yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskunalar va texnologiyalar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA