Andijonda “Inklyuziv ufqlar: hamma uchun ta’lim va tadbirkorlik – II faza” loyihasi doirasidagi grant g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Nogiron va ehtiyojmand xotin-qizlar hamda yoshlarning kasbiy va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ularni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash orqali turmush farovonligini oshirish maqsadida Buyuk Britaniyaning Xalqaro taraqqiyot boshqarmasi moliyaviy ko‘magida qator tashkilotlar tomonidan loyiha amalga oshirildi.
Xususan, “SABR” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi, uning Andijon filiali – Mahalliy rivojlanish markazi hamda Xorazm viloyatidagi “Interbilim” nodavlat notijorat tashkiloti “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markazlari, mahalla yettiligi bilan hamkorlikda mazkur loyihani hayotga tatbiq etdi.
[gallery-27256]
Loyiha doirasida Andijon viloyatidan 87 nafar xotin-qiz va yoshlar kasbiy o‘quv kurslarida tahsil olib, mehnat bozori talablariga mos bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, qandolatchilik, sartaroshlik, milliy hunarmandchilik – kashtachilik, suvenir sovg‘alar tayyorlash, gulchilik, parda tikish yo‘nalishlaridagi kurslarni tamomlaganlarga maxsus sertifikatlar berildi.
Kurs tinglovchilari kasb-hunar o‘rganish bilan birga, 28 soatlik mashg‘ulot va treninglar doirasida tadbirkorlik, marketing, huquqiy va moliyaviy savodxonlik, shuningdek, kredit boshqaruvi bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Biznes-konsultantlar, huquqshunos va psixologlardan maslahatlar oldi.
Tadbirda loyiha tashkilotchilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida kursni yakunlagan, o‘z biznes-rejasini taqdim etib, grant g‘olibi bo‘lgan 12 nafar andijonlik xotin-qizga sartaroshlik, qandolatchilik faoliyati uchun zarur asbob-uskunalar, tikuv mashinalari topshirildi.
Endilikda ular tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, daromad topish imkoniga ega bo‘ldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari