Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro kuzatuvchilarning oraliq hisobotlari ko‘rib chiqildi
14:50 / 2019-12-17

Xalqaro matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.


Xalqaro matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga ko‘rilayotgan tayyorgarliklarni kuzatish jarayonlari bo‘yicha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilari missiyalarining oraliq hisobotlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Missiya a’zolari o‘z faoliyatlarini O‘zbekiston turli hududlarida olib borishdi. Ular Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm, Farg‘ona viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida va Toshkent shahrida okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatlari bilan tanishishdi. Missiyalar o‘z kuzatuvlari chog‘ida turli davlat va nodavlat OAV vakillari bilan uchrashib, ularning yoritish faoliyatlari bilan tanishib borishmoqda.

YeXHT DIIHBning o‘z hisobotida qayd etgan yana bir jihati, ular tomonidan berilgan avvalgi tavsiyalar inobatga olinib, qonunchilikda o‘zgarishlar o‘z aksini topgani ijobiy baholandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bir mandatli 150 ta saylov okrugining tuzilganligi, kvota instituti bekor qilingani, fuqarolik jamiyati institutlaridan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari mahalliy kuzatuvchilar sifatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgani shular jumlasidan.

Hisobotlarda bo‘lajak saylovlar sezilarli darajada yangilangan huquqiy tizim doirasida o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlangan. Bir necha marta ovoz berishni istisno etuvchi saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati tatbiq etilishi, Qonunchilik palatasida Ekologik harakat deputatlik o‘rinlari uchun kvotalar bekor qilinishi, saylovchilarga bittadan ortiq siyosiy partiyalarning saylovda qatnashishini qo‘llab-quvvatlash uchun imzo qo‘yish huquqining berilishi ijobiy baholangan. 
Shu bilan birga ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarga saylovda ovoz berish huquqi berilishi bilan bog‘liq xalqaro standartlarga mos saylov qonunchiligiga oid yangiliklar ijobiy baholangan. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlarni kuzatish huquqi berilgani, deputatlikka nomzodlar orasida ayollarning ulushi 41 foizgacha va boshqa millat vakillarining ulushi 8,4 foizgacha oshgani alohida ta’kidlangan. 
Hisobotlarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining faoliyatiga yuqori baho berilgan. Jumladan, YeXHT DIIHB hisobotida ta’kidlanishicha, Komissiya a’zolarining soni 16 nafardan 21 nafargacha, tarkibidagi ayollar soni 3 nafardan 7 nafargacha ko‘paydi. MSK tomonidan saylovlarni o‘tkazish tartibi va muddatlariga qat’iy rioya qilinmoqda. 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan axborot texnologiyalaridan samarali foydalangan holda, saylovchilarni keng xabardor qilib borish, butun mamlakat bo‘ylab saylov komissiyasi a’zolarini o‘qitish, ilk bor “Saylov – 2019” mobil ilovasini ishga tushirib, amaliyotga tatbiq qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamdagi ishlar izchillik bilan olib borilmoqda.

MDH kuzatuvchilar missiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovlariga tayyorgarlik ko‘rishni kuzatish jarayoni to‘g‘risidagi 2019 yil 12 dekabrdagi oraliq hisoboti, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining O‘zbekiston Respublikasidagi parlament saylovlarini kuzatish bo‘yicha missiyasining 2019 yil 13 dekabrdagi oraliq hisoboti ma’lumot uchun qabul qilindi.

Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga siyosiy partiyalar va nomzodlarning saylovoldi dasturlarini ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etish orqali yoritish va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, uchastka saylov komissiyalariga siyosiy partiyalar tomonidan o‘tkaziladigan saylovoldi tadbirlari to‘g‘risida saylovchilarni xabardor qilib qo‘yish bo‘yicha ishlarni faollashtirish zarurligi aytildi. 

Shuningdek saylov sohasidagi qonun hujjatlarida belgilangan qoida va normalarga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha yanada izchilroq choralar ko‘rish, ommaviy axborot vositalariga siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari tahliliga ko‘proq e’tibor qaratish, shuningdek omma oldida o‘tkazilgan ochiq munozaralar (debatlar) bo‘yicha yakuniy tahliliy fikrlarini taqdim etish tavsiya etildi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Siyosiy partiyalarning O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallarida 2019 yil 20 dekabrda soat 14.00 dan 16.00 gacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilish orqali partiyalar o‘rtasida yakuniy ochiq munozaralarni (debatlarni) o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.

MSK kotibiyatiga xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari missiyasining dastlabki va yakuniy hisobotlarini olganidan so‘ng xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilar missiyasining dastlabki va yakuniy hisobotlarini milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish nuqtai nazaridan o‘rganish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi. Xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini muhokama qilish bo‘yicha 2020 yilning ikkinchi choragida xalqaro konferensiya o‘tkazish va ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribasini milliy saylov qonunchiligiga implementatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Majlisda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari o‘zgartirish kiritilgan saylov uchastkalariga videokameralar va biometrik identifikatsiya qilish qurilmalarini o‘rnatish ishlarini joriy yilning 19 dekabriga qadar to‘liq yakunlaydi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bugungi kunga qadar 186 nafar xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi nizomga muvofiq Tashqi ishlar vazirligi tomonidan navbatdagi taqdimnomada YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT/DIIHB), YeXHT Parlament assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT), Turkiyzabon davlatlar parlament assambleyasi, Turkiyzabon xalqlar hamkorligi kengashi kabi missiya a’zolarining hujjatlari taqdim qilindi. Oltita missiyaning 642 nafar a’zosini xalqaro kuzatuvchi sifatida ro‘yxatga olish bo‘yicha qaror tasdiqlandi.

Komissiya a’zolari saylovlarni yoritishda ishtirok etuvchi navbatdagi 20 nafar mahalliy va xorijiy jurnalistni akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qildi. Hozirgi kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari soni 283 nafarga va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari soni esa 99 nafarga yetdi.

Majlisda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan ayrim xorijiy va mahalliy jurnalistlarning akkreditatsiyalari tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga asosan bekor qilindi. 

Tadbirda shuningdek, deputatlikka nomzodni ro‘yxatdan chiqarish va shu munosabat bilan saylov byulleteniga tuzatish kiritish masalasi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan 63-Kattaqo‘rg‘on saylov okrugidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatilgan Sobir Shukurov o‘z ixtiyori bilan bergan arizasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ro‘yxatidan chiqarildi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi tomonidan 54-Norin saylov okrugidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatilgan Abduvali Mavlanov o‘z ixtiyori bilan bergan arizasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ro‘yxatidan chiqarildi.

Majlisda Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi va Qashqadaryo viloyati hududida joylashgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 126-Beshkent okrug saylov komissiyasining saylov jarayoniga tayyorgarligi haqidagi axborotlari tinglandi.