French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro kuzatuvchilar Samarqandda
16:54 / 2024-10-26

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini kuzatish maqsadida yurtimizga kelgan xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik mehmonlar Samarqand viloyatida saylovga hozirlik jarayonlarini kuzatmoqda.

Jumladan, bugun viloyat hududiy saylov komissiyasiga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (EXHT DIIHB)ning qisqa muddatli kuzatuvchilari, shuningdek, AQSH, Italiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Malayziya davlatlari vakillari kelib, komissiya faoliyati bilan tanishdi.  

Viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi X.Muhammadiyev va komissiya a’zolari xalqaro kuzatuvchilarga mamlakatimiz saylov qonunchiligi, bu yilgi parlament va mahalliy Kengashlar saylovi kampaniyasining borishi haqida batafsil ma’lumot berdi.

– Toshkent va Samarqanddagi saylov uchastkalarida bo‘lib, O‘zbekistonda saylovga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldim, – deydi Malayziyadagi Malayya universiteti rektori Nur Azuan Abu Osman. –  Ayniqsa, saylov jarayonlarida raqamli texnologiyalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotgani menga manzur bo‘ldi. Bu saylovning adolatli, shaffof o‘tishini ta’minlashga xizmat qiladi. Tayyorgarlikni ko‘rib aytishim mumkinki, ertaga saylov yuqori saviyada o‘tadi va xalq o‘zi uchun munosib vakillarni saylab oladi.

– O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotganimdan xursandman, – deydi Hindistondagi Javoharlal Neru universiteti qoshidagi Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi raisi Archana Upadhyay. – Hindiston demokratik saylov tizimiga ega va bunga 75 yil davomida erishgan. O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yilda o‘tkazilgan saylovlar natijalari va xulosalaridan kelib chiqib, aytish mumkinki, hozirga saylov jarayonlari yuqori demokratik talablar asosida tashkil etilgan. Muhimi, bu doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari