Mamlakatimizda shu yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan siyosiy jarayon — Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumga qizg‘in hozirlik ko‘rish ishlari olib borilmoqda. Mazkur jarayonlarning ochiq, oshkora va shaffof o‘tishida kuzatuvchilar institutining o‘rni muhim.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB)ning referendumni kuzatish missiyasi Toshkentda o‘z ishini boshladi.
Bugun poytaxtimizda YeXHT DIIHB missiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan referendumni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiya ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylovni kuzatish missiyasining roli, maqsad-vazifalari va uning rejalashtirilgan faoliyati haqida OAV vakillariga ma’lumot berildi.
DIIHBning referendumni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiyasi rahbari, elchi Albert Jonson o‘z so‘zida mazkur missiya vakillari O‘zbekiston hukumatining taklifiga binoan tashrif buyurganini, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni kuzatib borishlarini qayd etdi:
[gallery-11170]
— O‘zbekistondagi Konstitutsiyaviy islohotlar muhim siyosiy va tarixiy jarayon hisoblanadi. Demokratik institutlarning o‘z metodologiyasi bor. Biz ham kuzatuvlarimiz davomida referendumga tayyorgarlik jarayonlarini, referendumni o‘tkazish bo‘yicha huquqiy asoslarga hamda YeXHT talablariga qanchalik rioya qilinganini kuzatamiz. Kuzatuv missiyamizning asosiy vazifasi referendumning ochiq va shaffof o‘tishini kuzatishdan iborat.
Missiyamizni amalga oshirish davomida ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhim. OAVda referendumga tayyorgarlik va uni o‘tkazish jarayonlarining yoritilishini ham kuzatib boramiz. Referendumning ertasi kuni kuzatuvlarimiz bo‘yicha dastlabki bayonotlarimizni matbuot anjumanida e’lon qilamiz. Yakuniy xulosalarimizni esa referendumdan 2 oy o‘tib taqdim etamiz, — dedi missiya rahbari Albert Jonson.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, asosiy guruh 10 nafar ekspertlardan iborat. Bundan tashqari, 3 apreldan boshlab missiya tarkibiga 14 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar ham qo‘shiladi. Ular viloyatlarda referendumga tayyorgarlik va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatadi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga missiya a’zolari tomonidan javob qaytarildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA