O‘zbekistondagi referendumni kuzatish bo‘yicha YeXHT DIIHBning cheklangan missiyasi uzoq muddatli kuzatuvchilari Aleksis Mishel hamda Eni Kristin Krepeliyen Navoiy viloyatida bo‘ldi. Ular referendumni o‘tkazuvchi 5-Navoiy okrug komissiyasida muhim siyosiy jarayonga tayyorgarlik, yaratilgan qulayliklar va komissiya a’zolari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Kuzatuvchilarga okrug komissiyasi raisi Nazira Tog‘ayeva hududdagi uchastka komissiyalari hamda ularning a’zolari sifat tarkibi, komissiya huzurida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Matbuot markazi, OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartiblari xususida batafsil ma’lumot berdi.
Referendumni o‘tkazuvchi 5-Navoiy okrugi hududida 411 ta uchastka komissiyalari tashkil etilgan. Ulardagi komissiya a’zolarining 56 foizini ayollar tashkil etadi. Shuningdek, komissiya a’zolarining 76 foizdan ortig‘i oliy ma’lumotga ega tajribali mutaxassislardan iborat bo‘lib, o‘zbek, rus, qozoq, qoraqalpoq va tojik millatiga mansub O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi.
Ta’kidlash joiz, referendumni o‘tkazish va mazkur siyosiy tadbirga qizg‘in tayyorgarlik jarayonlarini o‘z vaqtida keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni alohida ahamiyatga ega. YeXHT DIIHB xalqaro kuzatuvchilari Navoiy viloyati referendumga tayyorgarlik jarayonlarini yoritishda, asosan, nimalarga ahamiyat qaratilayotgani bilan qiziqib, akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlar bilan axborot almashish borasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Kuzatuvchilarning referendumni demokratik tamoyillar asosida o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan tashkiliy jarayonlar haqidagi bir qator savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA