O‘tayotgan har kun bizni muhim siyosiy jarayon – 2024 yil 27 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga yaqinlashtirmoqda.
Jarayonlar bir qator xalqaro tashkilot vakillari va ekspertlar tomonidan kuzatib borilmoqda. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YeXHT DIIHB) O‘zbekistondagi parlament saylovlari bo‘yicha missiyasi delegatsiyasi Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.


YeXHT DIIHB missiyasi rahbari Ueyk Duglas dastlab Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashdi. Qabul uchun minnatdorlik bildirgan xalqaro kuzatuvchi missiyaning saylov jarayonlaridagi maqsad-vazifalari bilan tanishtirdi. Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqotda mehmonga Namangan viloyati haqida ma’lumot berilib, ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.


Shuningdek, YeXHT DIIHB missiyasi rahbari Ueyk Duglas hamda missiya vakili Rashad Shirinov, uzoq muddatli xalqaro kuzatuvchilar – germaniyalik Kati Xyotger va Buyuk britaniyalik Martin Bruks hamrohligida Namangan viloyati hududiy saylov komissiyasida bo‘ldi. Viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi, Namangan davlat universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unov samimiy va konstruktiv muloqotda nufuzli mehmonlarning O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan saylovlar va unga taraddud ko‘rish bilan bog‘liq savollariga batafsil javob berdi hamda xalqaro kuzatuvchilar faoliyati uchun o‘z vakolat doirasida hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.


YeXHT DIIHB missiyasi vakillari tashrif doirasida yosh saylovchilar bilan ham uchrashdi. Xalqaro tahlilchilar va kuzatuvchilar yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borib, ularga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Yosh saylovchilarning ingliz tilida erkin so‘zlashishi, savollarga atroflicha javob qaytarishi, saylov qonunchiligi haqida ko‘p bilim va tushunchaga ega ekanligidan mehmonlar mamnun ekanliklarini qayd etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.