Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuv
07:52 / 2021-10-23

Mamlakatimizga xalqaro kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasi (TurkPA) kuzatuvchilari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida mehmonlarga keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, saylov qonunchiligini tizimli va izchil demokratlashtirish bo‘yicha erishilgan natijalar, shuningdek, adolatli saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlar, tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’lumot berildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat va jamiyatni demokratlashtirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha jadal va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani natijasida bugungi kunda mamlakatimiz demokratik talablarga javob beradigan zamonaviy milliy saylov tizimiga ega bo‘lgani qayd etildi.

Suhbat davomida Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasi raisi Rejep Sheker, TurkPA bosh kotibi Mexmet Sureyya Er O‘zbekiston bilan munosabatlar, bu yerdagi o‘zgarishlar hamda saylovga tayyorgarlik ishlariga alohida to‘xtaldi.

Delegatsiya a’zolari O‘zbekistonning milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirish va qo‘shimchalarni yuqori baholab, barcha fuqarolar uchun teng qulayliklar yaratilgani – bu demokratiyaning yorqin ko‘rinishi ekanligini e’tirof etdi. Shu bilan birga, oxirgi yillarda O‘zbekistonning barcha sohalarda rivojlanib borayotgani, ayniqsa, Prezident saylovi Saylov kodeksi talablariga qat’iy rioya qilingan holda o‘tkazilayotganini, fuqarolarning saylovda faol ishtirok etishlari uchun barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratilganini yuqori baholadi.

Uchrashuvda xalqaro kuzatuvchilar yuqori tashkiliy tayyorgarlik, saylovchilar faolligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro tamoyillar asosida, yuksak demokratik saviyada, uyushqoqlik bilan o‘tishiga ishonch bildirdi.

Muloqotdan so‘ng mehmonlar Qonunchilik palatasining muzeyi hamda katta majlislar zalini ko‘zdan kechirdi.

Uchrashuv doirasida O‘zA muxbiri Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasi raisi Rejep Shekerdan intervyu oldi:

— Dini, tili, madaniyati, tuprog‘i bir bo‘lgan mamlakat bilan yanada keng hamkorlikda ish olib borish bizning maqsadlarimizdan biridir. Chunki qardosh mamlakatlarning bir-biridan o‘rganadigan ko‘p narsalari bor. Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasi kuzatuvchilari ishtirokida Oliy Majlis Senati, Markaziy saylov komissiyasida bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu jarayonlarda saylovga qay darajada tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘lyapmiz. Qolaversa, saylovning ochiq va oshkora bo‘lishini saylov uchastkalaridagi kuzatishlarimiz asosida batafsil kuzatamiz. Albatta, saylovdan keyingi kuni OAV vakillari bilan uchrashib, kuzatuvlarimiz bo‘yicha o‘z xulosalarimizni beramiz.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA