Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “UzEnergyExpo“ o‘n yettinchi va ”UzStroyExpo“ o‘n ikkinchi xalqaro ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tmoqda.
“International Expo Group” MCHJ ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston, Avstriya, Armaniston, AQSH, Belarus, Eron, Hindiston, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy, Turkmaniston va Turkiyadan 200 dan ortiq energetika va qurilish kompaniyasi o‘z imkoniyatini namoyish etmoqda.
Ta’kidlash kerakki, ishtirokchilarning 70 foizi xorijiy kompaniyalar, 30 foizi esa mahalliy ishlab chiqaruvchilardir. “UzEnergyExpo“ mintaqadagi eng yirik energetika ko‘rgazmalaridan biri bo‘lib, ekspozitsiyaning rekord darajada 107 foizga o‘sishi bilan bu yil energetika kompleksining deyarli barcha asosiy yo‘nalishlari vakillarini birlashtirdi.
[gallery-14205]
O‘z navbatida, “UzStroyExpo“ qurilish texnologiyalari ko‘rgazmasida stendlarning aksariyati qurilish va kran uskunalari, lift uskunalari, qurilish va pardozlash materiallari, qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun uskunalari va xomashyolar o‘rin olgan. Ochiq maydonda qurilish texnikasi sohasidagi og‘ir yuqori texnologiyali mashinalarning namunalari xitoylik ishlab chiqaruvchilar tomonidan namoyish etiladi. An’anaviy o‘tkaziladigan ushbu xalqaro ko‘rgazmalar biznesga yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, sheriklar bilan tajriba almashish, o‘z sohalaridagi innovatsiyalar va tendensiyalar bilan tanishishga imkoniyat yaratmoqda.
“Vent systems” kompaniyasi savdo menejeri Sardor Tojiyevning ta’kidlashicha, ushbu ko‘rgazmaga qatnashish mahsulotlar xaridorligini oshirishda muhim hisoblanadi.
– 2021 yildan buyon kompaniya ventilyatsiya uskunalarini ishlab chiqarmoqda. O‘ttizga yaqin fuqaroni ish bilan ta’minlaganmiz. Bugungi kunda mahsulotlarimiz mamlakatimiz va qo‘shni davlatlarda xaridorgir, – dedi ushbu kompaniya direktor o‘rinbosari Sardor Tojiyev.
“Soventus energy” kompaniyasi direktori Sarbonxon Saidmuhammadxonov ham mazkur faoliyati va galdagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
– Dastlab kompaniyamiz quyosh panellari va inventarlarni sotish bilan shug‘ullanar edi. Endilikda o‘zimiz xorijiy kompaniyalar bilan aloqalarni yanada mustahkamlab, davlat idoralari va xonadonlarga quyosh panellarini o‘rnatmoqdamiz. Ularga 3 yil mobaynida xizmat ham ko‘rsatamiz. Kompaniya 2 va 2 gigavattgacha bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Hozirgi kunda shundan 20 megavattini o‘rnatdik, – dedi S.Saidmuhammadxonov.
Ko‘rgazma ertaga, 27 oktyabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA