“Jahon konstitutsiyalarida xotin-qizlar huquqi to‘g‘risidagi qoidalarning aks etishi” mavzusida bo‘dib o‘tgan davra suhbati xotin-qizlarning huquq va erkinligini himoya qilish, gender audit va gender tenglik masalalariga bag‘ishlandi.
BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining yurtimizdagi loyihalari koordinatori vakillaridan iborat xalqaro ekspertlar ishtirok etgan yig‘ilishda bugungi kunda O‘zbekiston boshqaruv tizimida ayollar ulushi 33 foizga yetgani, 81 ta vazirlik va idorada bilimli ayollardan iborat 15 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirilgani ma’lum qilindi.
Ta’kidlandiki, tashkilot va korxona raxbarlarining o‘rtacha 45,3 foizi – ayollar. Xotin-qizlar sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalarda faoliyat yuritayotganlarning 82 foizini, fan, ta’lim, madaniyat, san’at sohasida 72 foizni, qishloq xo‘jaligida 45 foizni hamda tadbirkorlik sub’ektlarining 29 foizini tashkil etadi.
Anjuman ishtirokchilari yurtimizda erishilgan marralarni e’tirof etgan holda, sohaning konstitutsiyaviy-huquqiy asosini yanada mustahkamlash xozirgi zamonning talabi ekanini qayd etdi. Xususan, xotin-qizlar va erkaklarning barcha iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlardan foydalanishda teng huquqliligini ta’minlash, tashkilot yoki korxona tomonidan jinslar o‘rtasidagi kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish masalasi muhokama qilindi.
Xotin-qizlarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilish, oila va mehnat vazifalari o‘rtasida muvozanatni saqlashda muammoli holatlar uchrab turgani aytib o‘tildi. Bunday hollarda qonuniy chora ko‘rish, ayollar huquqini konstitutsiyaviy asosda belgilash zarurligi ta’kidlandi.
“Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” degan tamoyil asosida birgina 2021 yilda 900 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari uchun bog‘cha xarajatlarini byudjetdan qoplash tartibi joriy etilgan. Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2 trillion so‘mdan ziyod kredit va subsidiyalar ajratilgan.
Aytishlaricha, biznes va qonun indeksida O‘zbekiston 2020 yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi. “Siyosatdagi ayollar” jahon reytingida 45-o‘rinni egalladi.
Muloqot chog‘ida sohaga oid vazifalar va Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi “ijtimoiy davlat qurish”ga qaratilgan boshqa yangiliklar Yangi O‘zbekiston gender tenglikni ta’minlash siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga mosligi bir ovozdan ma’qullandi.
Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari xorijiy davlatlar Konstitutsiyalarida gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar huquqi va manfaatini himoyalashga doir qo‘shimcha normalar mavjudligiga alohida e’tibor qaratdi.
Tadbir davomida mahalliy va xorijiy tashkilotlar vakillari Gretsiya, Avstraliya va boshqa qator davlatlarda xotin-qizlar ishtirokini ta’minlash, ularning jamiyatdagi rolini oshirishga qaratilayotgan islohotlar xususida taqdimotlar namoyish qildi.
Davra suxbati sohaga oid mavzularda, munozaralar shaklida davom etdi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA