Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro konferensiya – Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyat
12:17 / 2024-10-17

Joriy yil 19-20 noyabr kunlari Istanbulda Moliya sektori mutaxassislari uchun “Global Banking and Markets” tadbirlari yetakchi tashkilotchisi tomonidan “Bonds, Loans & ESG Capital Markets CEE” va “CIS & Türkiye 2024” konferensiyasi o‘tkaziladi. Markaziy va Sharqiy Yevropa, MDH va Turkiyadagi xalqaro moliya institutlari uchun muhim hisoblangan mazkur voqeaning asosiy ishtirokchilari safida bu gal Markaziy Osiyo ham bor.

Tadbir 600 dan ziyod hukumat tuzilmasi, korporatsiya, investor, bank, yuridik firma, nazoratchi va maslahatchilarni birlashtirishi kutilyapti. Jumladan, Xalqaro moliya korporatsiyasi, xodimlar soni va umumiy aktivi bo‘yicha Germaniyaning eng yirik moliyaviy konglomerati “Deutsche Bank”, Gollandiyaning eng yirik bank guruhi “ING”, Amerikadan moliyaviy va tahliliy ma’lumotlarni taqdim etish bilan shug‘ullanuvchi “S&P Global”, asosan reyting agentligi sifatida tanilgan “Fitch Ratings”, “Moody’s” korporatsiyalaridan 70 ga yaqin ekspert ishtirok etadi.

E’tiborli jihati, anjuman dasturiga Markaziy Osiyo, xususan respublikamizga bag‘ishlangan “O‘zbekiston qanday qilib va nima uchun MDH mamlakatlari kapital bozorida diqqat markaziga aylandi?” mavzusi kengaytirilgan muhokamasi kiritilgan. Spikerlar mamlakatimiz kapital bozorining rivojlanish jarayoni va mintaqa uchun namuna sifatida shakllanishini tahlil qilinadi.

“Bonds, Loans & ESG Capital Markets CEE” anjumanining asosiy mavzusi – ESG amaliyotining kapital bozoriga integratsiyasi masalasi ham uzoq muddatli barqaror o‘sishga intilayotgan mintaqamiz uchun muhim tarkibiy qism hisoblanadi. Sho‘’ba yig‘ilishlari davomida suveren emissiya taxmini, mintaqa mamlakatlari moliyaviy strategiyasi, 2025 yil kredit bozori istiqboli, o‘tish davrida moliyalashtirish, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar faoliyati, soliq tizimi, me’yoriy hujjatlar mavzulari ko‘tariladi.

“Infrasia Capital LLC” bosh direktori va hammuassisi Odilbek Isoqov va “UzAuto Motors” moliyaviy direktori Kamoliddin Umurzoqov salmoqli xorijiy investitsiya jalb qilish imkonini bergan va O‘zbekiston kapital bozoriga ishonchni oshirgan so‘nggi iqtisodiy islohotlar hamda bozorni liberallashtirish siyosati haqida batafsil ma’lumot beradi.

Darvoqe, “Global Banking & Markets” moliyaviy soha mutaxassislarini birlashtiradigan yirik maydon sifatida yillik tadbirlar va mukofotlar orqali aloqalarni kengaytirish, yangi bozorlarga kirish va sohada e’tirofga sazovor bo‘lish uchun qulay imkoniyat taqdim etadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA