Xalqaro ko‘rgazma muvaffaqiyatli o‘tdi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida STEAM Fest birinchi xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida STEAM Fest birinchi xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.
Birinchi xalqaro zamonaviy ta’lim usullari festivali O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi ko‘magida Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazildi. Tadbir hamkorlari MIND Champ (O‘zbekiston) va New Generation (Ukraina) tashkilotlari bo‘ldi.
Festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad yoshlar orasida tabiiy fanlarni keng targ‘ib qilish hamda STEAM (Science – fan, Technology –texnologiya, Engineering – muhandislik, Art – san’at, Math – matematika) ta’limi sohasidagi xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganishni ta’minlashdan iborat edi.
STEAM tizimining maqsadi – o‘quvchilar tafakkurini rivojlantirish hamda ularni fan, texnologiya, muhandislik, matematika va san’at kabi fanlardan olgan bilimlarini samarali qo‘llashga o‘rgatishdan iborat. Shu bilan birga, STEAM ta’limi murakkab o‘quv loyihalarini amalga oshirishda fanlarni o‘zaro uyg‘unlikda o‘rganish imkonini beradi.
STEAM Fest festivalida Toshkent shahridagi eng yaxshi nodavlat ta’lim muassasalari, zamonaviy o‘quv dasturlari mualliflari hamda STEAM ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fikr bildiruvchi xorijiy kompaniyalar ishtirok etdi. Festival ishtirokchilari orasida GIGO (Rossiya), Robolab (Belarus Respublikasi), Lego Edu (Qozog‘iston), Krutaya Nauka (Ukraina) kabi xorijiy kompaniya vakillari ham o‘z tuzilmalari faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Festival ikki yo‘nalishda o‘tkazildi. Xorijlik va mahalliy mutaxassislar STEAM, 3D-texnologiyalar va robototexnika yordamida yoshlarning tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ta’limda internet resurslaridan foydalanish kabi mavzularda ma’ruzalar taqdim etdi.
Tashkilotchilar tomonidan festival doirasida bolalar uchun ham STEAMning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ellikdan ortiq mahorat darslari o‘tildi. Mazkur mahorat darslari yosh avlodga bilim olish va yangilikka intilish qiziqarli hamda maroqli bo‘lishini amalda ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, bunday tadbirlar o‘quvchilarga bilim olish qiziqarli bo‘lishini ko‘rsatadi va ularning ta’lim olishga ishtiyoqini oshiradi. O‘qituvchilar uchun esa ta’lim berishning zamonaviy va qiziqarli usullarini o‘zlashtirishga ko‘mak beradi.