Yozuvchi Gulnoz Tojiboyeva 2021 yil 1-3 oktyabr kunlari Rossiyaning Novosibirsk shahrida o‘tkazilgan xalqaro kitob festivalida ishtirok etdi.
“Knijnaya Sibir” xalqaro kitob festivalida Kanada, Eron, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa ko‘plab mamlakatlardan yozuvchi, noshir va adabiyot sohasi vakillari ishtirok etishdi. Ushbu tadbir doirasida IV Xalqaro kitob forumi, V Hududiy Bolalar kitoblari festivali, Kitob yarmarkasi, “Yil kitobi: Sibir-Yevrosiyo-2021” ochiq hududiy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi, yozuvchilar bilan uchrashuvlar, seminarlar, mahorat darslari va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
– Dunyoda pandemiya vaziyati hamon davom etayotgani bois xalqaro kitob festivalining tadbirlari ham oflayn, ham onlayn tarzda olib borildi, – deydi festivalning o‘zbekistonlik ishtirokchisi yozuvchi Gulnoz Tojiboyeva. – Men xalqaro kitob festivali doirasida o‘tkazilgan “Kitobxon hudud. Kitob zamondoshlarimiz hayotida” nomli IV Xalqaro kitob forumida “O‘zbekistonda noshirlik va kitob madaniyati” mavzusida ma’ruza qilib, ayni paytda mamlakatimizda chop etilayotgan badiiy kitoblar, shu jumladan, bolalar adabiyotidagi yangiliklar haqida so‘zladim.
O‘zA