Toshkent xalqaro kinofestivali “Ipak yo‘li durdonasi” yirik xalqaro ijodiy kinoloyiha sifatida qaytadan tiklandi.
Bu tashabbusning o‘zi milliy san’atimizni yanada rivojlantirish, uni bir necha pog‘onaga yuksaklarga olib chiqish, bir paytlar jahonga shuhrat qozongan o‘zbek kino san’atining qaddini qayta rostlashi uchun muhim amaliy qadam ekanini Toshkent xalqaro kinofestivalining har bir ishtirokchisi qayta-qayta ta’kidlamoqda. Mamlakatimizda keyingi yillarda olib borilgan tub ijobiy o‘zgarishlarni, madaniyat, san’at, ma’rifat va ma’naviyatga qaratilayotgan cheksiz e’tibor va g‘amxo‘rlikka shaxsan o‘zi guvoh bo‘lmoqda. Bu jihatlar Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilarining fikrlarida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Vladimir Afanasev, AQSHlik musiqa prodyuseri:

– Kinoning faol ravnaq topishi uchun o‘zaro muloqot, tajriba almashinuv g‘oyat muhim. Davlatingiz rahbari ayni jihatni teran anglagan holda Toshkent xalqaro festivalini qayta tiklashga muvaffaq bo‘lgani bugungi kunda xalqaro miqyosda ham yuksak baholanmoqda. Toshkent xalqaro kinofestivali jahonning ko‘plab davlatlarining kino yulduzlari uchun muhim ijodiy platforma sifatida maydonga chiqmoqda. Ayni festival bahonasida ishtirokchilar O‘zbekistonda ro‘y berayotgan tub ijobiy islohotlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqda. Yangilanish jarayonlariga bevosita guvoh bo‘lmoqda. Bu kinofestival yangilanayotgan O‘zbekistonni kashf etganimiz bilan ham qalbimizda muhrlanib qoladi.
Yevgeniya Markova, rossiyalik kino ijodkor:
– Kino eng avvalo muxlislar, odamlar, xalq uchun muhimdir. Shu ma’noda O‘zbekiston yetakchisining Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash borasidagi xayrli tashabbusi xalq uchun, el-yurtning ma’naviy salohiyati uchun amalga oshirilgan ezgu harakatdir. O‘zbekistonda mamlakat rahbari xalqona siyosat olib borayotgani ham ana shunday yirik madaniy loyihalarni dadil, hech ikkilanmasdan amalga oshirishga kirishganida namoyon bo‘ladi. Vaholanki, bu kabi loyihalarni yurtingiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan dastlabki yillarda amalga oshirsa ham bo‘lardi nazarimda. Toshkent xalqaro festivali yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarishga yo‘naltirilgani bilan diqqatga sazovordir.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.