Shu kunlarda butun dunyoda Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumers International) tuzilganining 60 yilligi keng nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan tashkilot tashabbusiga ko‘ra, bir qator onlayn tadbirlar uyushtirilmoqda.
17 noyabr –Xalqaro iste’molchilar tashkiloti tuzilgan kunda dunyoning 100 dan oshiq mamlakatidan 200 dan oshiq unga a’zo iste’molchilar tashkiloti uchun alohida vebinar (virtual seminar) o‘tkazildi. Vebinarda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov ham ishtirok etdi.
"Consumers International" prezidenti Marimutu Nadason, vitse-prezidenti Gilli Vong va bosh direktori Helena Loran barcha iste’molchilarni ushbu 60 yillik yubiley bilan qutladi.
Vebinarda xalqaro tashkilot va umuman iste’molchilar harakati bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘l hamda butun dunyodagi iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilishda erishilgan muvaffaqiyatlar barobarida kelajakka nazar tashlash, xususan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilishni yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’ruzachilar 2020 yil butun dunyo uchun juda og‘ir kelganini, COVID-19 pandemiyasi sharoitida iste’molchilar tashkilotlari asosiy sheriklari va global yetakchilar bilan birga uning oqibatlarini bartaraf etish hamda xavfsiz, adolatli va barqaror dunyo barpo etish yo‘lida qo‘lni-qo‘lga berib mehnat qilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
bugungi global miqyosda elektron tijorat va onlayn xizmat ko‘rsatish keskin o‘sib borayotgan sharoitda xalqaro standartlarni ishlab chiqib, bu sohadagi muammolarga qarshi kurashish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qayd etilishicha, shu kungacha dunyoning 40 foiz mamlakatlarida elektron tijoratni tartibga solish borasida qonunlar qabul qilinmagan, huquqiy baza yaratilmagan. Binobarin, xalqaro tashkilotlar, dunyo mamlakatlari hukumatlari va iste’molchilar tashkilotlari oldida iste’molchilar huquq va manfaatlarini vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish orqali himoya qilish yo‘lida juda ko‘p vazifalar turibdi.
Muzokaralar chog‘ida so‘zga chiqqan federatsiya raisi J. Sarimsoqov Xalqaro iste’molchilar tashkiloti rahbariyati va vebinarning boshqa ishtirokchilarini "Consumers International" tashkil etilganining 60 yilligi bilan qutlar ekan, ular e’tiborini bugungi kunda iste’molchilar tashkilotlari oldida turgan yana bir dolzarb muammo – sayyohlarning huquqini himoya qilish masalasiga qaratdi.
− Dunyo bo‘yicha sayyohlar oqimi yildan-yilga ortib borayotgani iste’molchilar tashkilotlari oldiga ular huquqini himoya qilishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish va ularni birgalikda hayotga tatbiq qilish masalasini qo‘ymoqda. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ushbu masalalarni muhokama qilish uchun O‘zbekistonning 2021 yilda Urganch va Xiva shaharlarida turizm sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha «Sayyoh – 2021» xalqaro forumini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Barchangizni ushbu forumga taklif qilaman, − dedi. J. Sarimsoqov.
J. Sarimsoqov fikricha, federatsiyaning ushbu tashabbusi O‘zbekiston rahbariyatining turizm sohasini rivojlantirishni milliy iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biri deb qarab, bu borada amalga oshirayotgan siyosatiga hamohangdir.
Vebinar chog‘ida "Consumers International" bosh direktori Helena Loran «Sayyoh – 2021» xalqaro forumida qatnashish niyati borligini izhor qildi.
Shuni alohida qayd etish joizki, Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumers International) tuzilganining 60 yilligi munosabati bilan BMT agentliklari rahbarlari ishtirokida bir qancha videokonferensiya formatidagi uchrashuvlarni o‘tkazmoqda va O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi xodimlari ham ushbu tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.
Sherali Sattorov