Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro islomiy moliya standartlariga muvofiq yangi turdagi bank xizmatlari joriy etilishi mumkin
17:56 / 2025-11-25

Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuksaltirish, shu jumladan, aholi turmush farovonligini oshirish, bank, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sportni hamda boshqa sohalarni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish va xalqaro islomiy moliya standartlariga muvofiq yangi turdagi bank xizmatlarini joriy etish bilan bir qatorda amalga oshirilayotgan tadbirlarning o‘z vaqtida moliyalashtirilishini ta’minlash va qo‘shimcha xarajatlar manbalarini aniqlash zarurati yuzaga kelgan. 

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida shu haqda so‘z bordi. 

Majlisda ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya orqali banklar islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishi mumkinligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, 2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sportni rivojlantirish, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirish hamda boshqa bir qator tadbirlar uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hajmi, Davlat byudjetidan davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratiladigan transfertlar miqdorlari ham o‘zgartirilmoqda.

Qo‘mita a’zolari qonunlarning qabul qilinishi mamlakatimizda islomiy bank xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etish, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari mablag‘larining maqsadli hamda samarali sarflanishini ta’minlashga xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

N.Abduraimova,

O‘zA