Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro investitsiyaviy forum samarali bo‘ldi
17:21 / 2015-11-09

O‘zA muxbirlari anjuman qatnashchilarining fikrlarini yozib oldi.

Davlatimiz rahbari farmoyishiga muvofiq 5-6-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiyaviy forumda 33 mamlakat firma va kompaniyalari, investitsiya fondlari va banklar, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa yetakchi xalqaro iqtisodiy hamda moliya institutlarining 560 vakili, olimlar, ekspertlar ishtirok etdi. O‘zA muxbirlari anjuman qatnashchilarining fikrlarini yozib oldi.

Benrd Vurl, «PreTherm Solutions» kompaniyasi menejeri (Germaniya):

– O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti mamlakatda mustahkam makroiqtisodiy asos yaratilganidan dalolat beradi. Mamlakatingizda xorijiy sarmoyadorlarning faol va erkin ish yuritishi uchun keng qulayliklar yaratilgan. Bunday imtiyoz va imkoniyatlar germaniyalik biznesmenlarning ham O‘zbekistonga qiziqishini tobora oshirmoqda.

Kompaniyamiz energetika sohasiga ixtisoslashgan. O‘zbekiston muqobil energetikani rivojlantirishda ulkan yutuqlarga erishayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Mamlakatingizning quyosh energiyasidan foydalanish imkoniyati juda katta. O‘zbekiston ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha malakali mutaxassislarga ham ega. O‘zbekistonlik mutaxassislar bilan quyosh energiyasidan samarali foydalanish bo‘yicha faol hamkorlik qilish niyatidamiz. Shu bois Toshkentdagi Xalqaro quyosh energiyasi instituti bilan quyosh stansiyalarini barpo etish bo‘yicha shartnoma imzoladik.

Stefano Champioli, «Enerco Distribuzione» kompaniyasi direktori (Italiya):

– O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora oshib bormoqda. Ko‘plab mamlakatlarning yetakchi firma va kompaniyalari yurtingizga sarmoya kiritmoqda. O‘zbekiston rivojlangan mamlakatlar va obro‘li xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirayotir. Biz ham mamlakatingiz ishbilarmonlari bilan neft-gaz sohasida samarali hamkorlik qilib kelyapmiz.

O‘zbekistonda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, eng qulay biznes muhitini yaratish, soha vakillariga imtiyoz va yengilliklar berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Mamlakatingizda olib borilayotgan xususiylashtirish jarayoni, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi yutuqlar e’tirofga loyiq. Xalqaro investitsiyaviy forum doirasida “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi vakillari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazdik.

Jeong Min Son, “DY Panel” kompaniyasi menejeri (Janubiy Koreya):

– O‘zbekistonda eng nozik turdagi mahsulotdan tortib murakkab texnologik jarayonni talab etuvchi barcha turdagi tovarlarni ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilgan. Forum doirasida Samarqanddagi ishlab chiqarish korxonalari va ular taklif etayotgan sarmoyaviy loyihalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. “Sino” aksiyadorlik jamiyati xalqaro andozalarga mos, yuksak sifatli, raqobatbardosh, keng turdagi muzlatkich va konditsionerlar ishlab chiqarish bo‘yicha katta tajribaga ega ekan. Korxonaga eng zamonaviy texnologiyalar joriy etilgani katta samara berayotir. Ayniqsa, ba’zi liniyalarda Janubiy Koreyadan keltirilgan ilg‘or uskunalardan foydalanilayotganini ko‘rib, hamkorligimizdan quvondik.

O‘zbekistonda xususiy tadbirkorlikni ravnaq toptirish yo‘lida barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, sohaga to‘liq erkinlik berishga katta e’tibor qaratilayotgani mamlakatingizda bozor iqtisodiyotiga asoslangan rivojlangan demokratik davlat qurish yo‘lidagi izchil islohotlarga yorqin misol bo‘la oladi. Kompaniyamiz O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan qurilish materiallari, jumladan, panel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Duran Xuan-Ramon, «Sercobe» uyushmasi bosh direktori (Ispaniya):

– O‘zbekistonda Xalqaro investitsiyaviy forum tashkiliy jihatdan yuksak saviyada, ko‘tarinki ruhda, g‘oyat samarali va muvaffaqiyatli o‘tdi. Unda mamlakatingizning sarmoyaviy bozoridagi yangi qirralar kashf etildi, hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi. O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun ulkan imkoniyatlar eshigi ochilgan. Davlat obyektlari xorijiy va mahalliy investorlarga sarmoyaviy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan «nol» qiymatda taklif etilayotgani mamlakatingizni izchil va barqaror rivojlantirish yo‘lida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan g‘oyat puxta, strategik muhim sa’y-harakatlardandir.

Ko‘p yillik tajribaga ega tashkilotimiz sanoat uskunalari ishlab chiqaruvchilari – ko‘plab yirik kompaniyalarni o‘zida jam etgan. O‘zbekiston bilan bir necha yillardan buyon faol hamkorlik qilib kelamiz, xususan, bu yerdagi Ispaniya sarmoyasi evaziga tashkil etilgan korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratamiz. G‘oyat ishonchli va muhim hamkor O‘zbekiston bilan yanada faol hamkorlik qilishdan manfaatdormiz.