Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro investitsiya forumi: “Butun dunyo his etayotgan O‘zbekiston islohotlari kuchi”
11:18 / 2022-03-26

Bugun butun dunyo, yirik xalqaro doiralar vakillari nigohi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, transformatsiya kuchiga qaratilgan pallada, yurtmizda o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi keng jamoatchilikning qizg‘in muhokamasida bo‘lmoqda.

Mamlakatimiz uchun, xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu forumda Prezidentimizning xalqaro maydon qarshisida so‘zlagan nutqlari esa tarixga muhrlandi. 

“Bundan 5 yil avval biz Harakatlar strategiyasini qabul qilib, uning doirasida keng ko‘lamli demokratik islohotlarni amalga oshirish yo‘lini tanladik” deya qat’iy ishonch bilan ta’kidlagan davlat rahbari barchaning diqqat-e’tiborini investorlar uchun qulay tizim yaratilgan O‘zbekiston bozoriga qaratdi.

Darhaqiqat, tahlillarga asoslanib aytish mumkinki, 2017 yilda milliy valyutamiz – so‘mning erkin konvertatsiyasini joriy qilib, xorijiy investorlar tomonidan foydani repatriatsiya qilish bilan bog‘liq barcha cheklovlar olib tashlandi. Bank va yirik korxonalarimiz ilk marta  xalqaro reytinglar olib, jahon moliya bozorlariga chiqdilar, dunyo bozorlariga milliy valyutamizda yevroobligatsiyalar chiqarildi. 

Mamlakatimizda 90 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoni yaratilgani, shuningdek, yana 60 ga yaqin mamlakat fuqarolariga yengillashtirilgan tartibda viza olish imkoniyati berilishi ham ochiqlik siyosatining yaqqol ifodasidir.
Xorijiy tajribani ko‘radigan bo‘lsak, O‘zbekistonda keyingi besh yillikda amalga oshirilgan islohotlarda  Xitoy va Singapur kabi Osiyo yangi industrial davlatlarining tajribasidan ko‘proq foydalanilganligini aytishimiz mumkin. Ko‘proq chet eldagi yirik tadbirkor vatandoshlarimizni O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalashga jalb qilish, chet elda ishlayotgan yosh mutaxassislarni respublikaga qaytarib, boshqaruv lavozimlariga qo‘yilishi hamda ta’lim va ilm-fan  sohasiga investitsiya kiritish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganligi bilan ushbu mamlakatlarning taraqqiyot strategiyalarida ma’lum o‘xshashliklar mavjudligini ko‘rsatadi. 

Forumda Prezidentimiz investitsiyalarni jalb qilish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlarni belgilab berdilarki, endilikda mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish, biznes muhitini yanada yaxshilash yo‘nalishida amaliy takliflarni ishlab chiqish maqsadida 2022 yildan e’tiboran, Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar Kengashi yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, “Kraudsorsing” platformasi va zamonaviy raqamli yechimlardan foydalangan holda, barcha tarmoqlar va hududlardagi investorlar va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazish amaliyoti davom etadi. 

Forum doirasida O‘zbekistonda o‘z biznesini samarali yuritish uchun mavjud sharoitlar va yangi istiqbollar to‘g‘risida keng ma’lumot beradigan 30 dan ziyod tadbirlar bilan bir qatorda, 200 dan ortiq jozibador loyiha takliflari ham havola etilishi ham mamlakat uchun foydadan holi bo‘lmaydi.

Yana bir ahamiyatli voqelik, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida – Surxondaryo viloyati Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga bag‘ishlangan marosim ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 200 million dollar bo‘lib, uning natijasida 1 ming 560 megavatt quvvat yaratiladi, yiliga 12 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Qayd etish kerakki, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilindi. Unda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining uchinchi yo‘nalishi – milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini ta’minlash vazifasi belgilangan. 

Xususan, kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 1,6 barobar ortishi, 2030 yilga borib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar esa 4 ming dollarga yetishi, buning natijasida O‘zbekiston qator “o‘rtacha daromad darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishi maqsadi belgilandi.

Bu maqsadga erishish uchun yangi texnologiyalarni joriy etish va qo‘shilgan qiymat zanjirini bitimlar va innovatsiyalar asosida tizim hisobiga mehnat samaradorligini oshirishda tub o‘zgarishlar qilish rejalashtirilgan. Buning natijasida kelgusi besh yilda sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat samaradorligi 2 barobarga ortishi kerak. Buni birinchi galda, iqtisodiyot drayverlari hisoblangan tarmoqlarda sanoat klasterlari tizimini rivojlantirish orqali amalga oshirish mo‘ljallangan.
Bu rejalarning barchasini ro‘yobga chiqarish uchun katta miqdordagi sarmoyalarni jalb qilish zarur. Shu sababdan faol investitsiya siyosati davom ettiriladi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shundan kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi. Agar so‘nggi besh yilda mamlakatimiz eksporti 1,5 barobar ortgan bo‘lsa, “Yangi O‘zbekiston strategiyasi”da taklif etilayotgan chora-tadbirlar natijasida esa davlatning eksport salohiyati 1,7 barobar oshirilib, 2026-yilda 30 milliard dollarga, YAIM esa 100 milliard dollarga yetkaziladi. Eksport tarkibida xom ashyoning ulushi hozirgi 46 foizdan 23 foizga kamayib, tayyor mahsulotlar hajmi 2,5 barobar ko‘payishi, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga yetishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston ushbu xalqaro investitsiya forumi orqali xalqaro iqtisodiy aloqalar uchun yangidan yangi imkoniyatlar eshigini ochar ekan, 3 ming yillik davlatchilik tarixiga ega mamlakatimizning qadimdan yuritib kelgan tashqi savdo aloqalari, tillarda doston bo‘lgan “Buyuk ipak yo‘li” tarixi, ko‘hna yurtimizning iqtisodiy o‘tmishi, yangi O‘zbekistonning gullab-yashnayotgan buguni – biz uchun eng yaxshi tashrif qog‘ozi bo‘lishini e’tirof etish joiz. 

Bugun o‘z oldiga yuksak ezgu maqsadlar qo‘yib, “Buyuk o‘tmishdan – buyuk kelajak sari” tamoyili asosida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish sari dadil qadam tashlayotgan yosh mamlakat imkoniyatlari forum orqali yanada kengroq namoyon bo‘layotgani quvonarlidir.

Dunyodagi bugungi murakkab vaziyatda O‘zbekiston yashash va ishlash uchun tinch va xavfsiz makon sifatida tanilgani, tadbirkorlar uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratib berilishi forumda alohida qayd etildi. Prezidentimiz forumda ta’kidlaganlaridek, O‘zbekistondagi islohotlar ortga qaytmaydigan real haqiqatga aylanib bo‘lgan, bu yo‘ldan bizni hech qanday kuch, hech qanday muammo to‘xtata olmaydi, ko‘zlangan maqsadlarga erishishimiz uchun respublikada barcha sharoitlar yaratilgan.

Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori, 
pedagogika fanlari doktori, 
professor