FOTOREPORTAJ
Namanganda qizg‘in tus olgan 62-Xalqaro gullar festivali doirasida “Farg‘ona vodiysida turizm: yangi Axsikent turizm markazini yaratish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada dunyoning qator mamlakatlaridan tashrif burgan tarixchi olimlar, soha mutaxassislari, xorijlik ekspertlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov kirish so‘zi bilan ochib, ushbu anjuman yangi g‘oya va yechimlar uchun maydon vazifasini bajarishini ta’kidladi.
– Viloyatimiz boy tarix, madaniy meros va noyob tabiiy resurslarga ega, - dedi viloyat rahbari. – Undan samarali foydalanish mintaqada sayyohlik xizmatlarini bir necha barobarga ko‘paytiradi. Turizm sohasini viloyat iqtisodiyotining asosiy drayveri sifatida rivojlantirish esa yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi turmush darajasini oshirish, xalqaro hamjamiyat e’tiborini mintaqaga qaratishga xizmat qiladi.
[gallery-12101]
Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva, O‘zFA Milliy arxeologiya markazi bo‘lim boshlig‘i, professor Abdulhamid Anorboyev, AQSHlik olim, ekspert, “Do‘stlik” ordeni sohibi Mark Riz, O‘zbekistonning Hindistondagi turizm va madaniyat elchisi, jahonga mashhur dizayner Ritu Beri, GIZ tashkiloti rahbari Beate Randi o‘z ma’ruzasida turizm rivojida Axsikent kabi noyob arxeologiya yodgorligining o‘rni va ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.
Viloyat hokimi xorijlik mehmonlar bilan nafaqat turizm, balki unga yondosh sohalar – servis, til o‘rgatish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik masalasini kelishib oldi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Davlatobod tumanidagi “Yoshlar ziyo maskani”, Axsikent arxeologiya majmuasi hamda Axsi sayyidlari ilmiy-ma’rifiy, me’moriy majmuasiga tashrif buyurdi.
Kamola YUSUPOVA, Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA.