Navoiy davlat pedagogika institutida ilk marotaba “Fan, texnika, tabiiy fanlar, texnologiya va raqamli ta’limni rivojlantirish istiqbollari “ASEDU-IV - 2024” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.Unda Rossiya Federatsiyasining bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari vakillari onlayn tarzda ishtirok etdi.
Xalqaro anjumanda institut hamda respublikamizning yetakchi oliygohlaridan ilmiy-tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, shuningdek, Sankt-Peterburg universiteti o‘qituvchisi Anastasiya Pivovarova, Krasnoyarsk fan va texnika ilmiy markazi direktori Igor Kovalyov va boshqa olimlar ilmiy ma’ruzlari, taqdimotlari bilan ishtirok etdi.

– Ushbu anjuman ilm-fan va texnologiyalar, materialshunoslik, aerokosmik texnologiyalar va sanoat ishlab chiqarishi, kasb-hunar va ilmiy-texnik ta’lim, kompyuter texnologiyalari va innovatsion texnologiyalarga asoslangan raqamli ta’lim muhitini rivojlantirish sohasida tajriba almashish maqsadida o‘tkazildi, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Sobirov. – Institutimizda ilmiy kadrlarning malakasini oshirish va xalqaro tajriba almashinuvi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Professor-o‘qituvchilarimiz xorijdagi yetakchi universitetlar va ilmiy markazlarda stajirovka o‘tash, malaka oshirish va qo‘shma ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa ilmiy salohiyatni oshirish va yangi bilimlarni o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda institutimizda ham zamonaviy ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilmoqda. Ushbu markaz yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar, kompyuter sinflari va boshqa zarur uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Bu esa ilmiy tadqiqotlarni yuqori saviyada olib borish va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri