Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini ko‘rib chiqish imkoniyati yaratiladi
16:36 / 2026-01-26

Huquqiy munosabat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat dastur belgilandi.

Mazkur dasturning 2-yo‘nalishi doirasida erkin iqtisodiy zonalarga dunyoning mashhur brendlarini jalb qilish, ushbu zonalardagi korxonalar xalqaro texnik reglamentlar, ekologik va mehnat standartlarini qo‘llashi mumkin bo‘lishi, ular uchun maxsus – imtiyozli investitsiyaviy, soliq, bojxona va huquqiy rejim joriy etilishi hamda xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini ko‘rib chiqish imkoniyati yaratilishi haqida ta’kidlab o‘tildi.

Xo‘sh, hozirda O‘zbekistonda xalqaro tijorat arbitraji faoliyatining mavjud holati qanday?

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro xususiy huquq kafedrasi o‘qituvchisi Nozimbek Dilboboyev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi.

–O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 16 maydagi “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuniga asosan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga “Arbitraj muhokamasi bilan bog‘liq ishlar va ularni yuritish”ga doir bir qator normalarning kiritilishi natijasida milliy qonunchilik tizimimizda xalqaro tijorat arbitraji faoliyatining asosiy huquqiy asoslari yaratildi.

Shuningdek, O‘zbekiston “Davlatlar va ajnabiy shaxslar o‘rtasidagi investitsiyaga doir nizolarni hal etish tartibi to‘g‘risida”gi va “Chet el arbitrajlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risida”gi Konvensiyalarga a’zo bo‘lgani xalqaro jihatdan ham mamlakatimizdagi arbitrajlar faoliyatining huquqiy asoslarini ta’minladi. Ya’ni, ularning qarorlari mazkur hujjatlarga a’zo davlatlarda ham tan olinishi va ijro qilish imkoniyatini bermoqda.

Qisqa qilib aytganda, hozirda O‘zbekistonda xalqaro arbitraj faoliyat yuritmoqda hamda xalqaro arbitrajlarning qarorlarini milliy sudlar tomonidan tan olish va ijroga qaratish bilan bog‘liq amaliyot mavjud.

Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini ko‘rib chiqish imkoniyati yaratilishi ta’kidlanayotgani xalqaro darajada arbitrajlardagi mavjud amaliyot asosida mamlakatimizdagi arbitrajlarda nizolarni hal etish tizimini isloh qilishni nazarda tutmoqda.  

Murojaatnomada keltirilgan mazkur masala 2025 yil 10-12 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ta’kidlangan Toshkent xalqaro tijorat sudi (TICC)ni tashkil etish haqidagi fikrlar bo‘yicha amaliy ishlarning tezlashishiga turtki bo‘ladi, deb umid qilamiz.  

Albatta, Prezidentimiz Murojaatnomasida keltirilgan yuqoridagi fikrlar va IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ilgari surilgan tashabbuslar yaqin kelajakda investitsiyalar va boshqa xalqaro tijoriy munosabatlar bilan bog‘liq nizolarni hal etish tizimining yanada takomillashtirilishi hamda investorlar va xorijiy kapital uchun mamlakatimiz jozibadorligi oshishiga xizmat qiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA