Shu kunlarda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasida bo‘lib turibdi.
Safar doirasida viloyat delegatsiyasi Boshqirdistonning asalarichilik va xalq tabobati sohasida alohida o‘rin tutgan — Asalarichilik va apiterapiya bo‘yicha boshqird ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur ilmiy markazda zamonaviy tajriba bazasi yaratilgan. Bu yerda ilmiy-tadqiqot stansiyalari, asalari qo‘riqxonalari, sun’iy urug‘lantirish laboratoriyalari, asalarichilik mahsulotlarini qayta ishlash sexi hamda Respublika xalq tabobati va apiterapiya markazi faoliyat olib boradi.
Uchrashuv davomida delegatsiya a’zolari markazda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan tanishdi. Xususan, boshqird asalari populyatsiyasi genofondini saqlash va qayta tiklash, xo‘jalik uchun foydali belgilarga ega ixtisoslashtirilgan liniyalarni yaratish bo‘yicha seleksiya ishlari ko‘rsatildi. Boshqird asalining tarkibi, xususiyatlari va sifatini o‘rganish hamda apiterapiyani kasalliklarning oldini olish va davolashda qo‘llash yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar taqdimot qilindi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev markazda fan va ishlab chiqarish uyg‘unligi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, ilmiy ishlanmalarning amaliyotga samarali joriy etilayotganini alohida ta’kidladi. Tomonlar kelgusida ushbu markaz bilan asalarichilik va xalq tabobati sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish, seleksiya ishlari va mahsulotlarni qayta ishlash yo‘nalishlarida tajriba almashish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, safar davomida yirik agrosanoat korxonalaridan biri — "Urojay" kompaniyasi vakillari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Mazkur kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishi ziroatchilik va chorvachilik hisoblanib, qishloq xo‘jaligida katta muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda.
Xususan, bu kompaniya tasarrufida 184 ming gektar ekin maydoni mavjud bo‘lib, yillik yalpi don hosili 385 ming tonnani tashkil etadi. Shuningdek, chorvachilik yo‘nalishida 8 ming 500 bosh sog‘in sigir va 12 ming 700 bosh yosh qoramol parvarishlanmoqda. Yillik yalpi sut ishlab chiqarish hajmi esa 81 ming tonnadan ziyod.
Delegatsiya a’zolariga korxona faoliyati, kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari taqdim etildi. Samimiy va ochiq ruhda o‘tgan muloqot mobaynida viloyat hokimi Toshkent viloyatining qishloq xo‘jaligi salohiyati, ayniqsa. chorvachilik sohasidagi investitsiyaviy muhiti, mavjud imkoniyatlar va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, viloyatda zamonaviy chorvachilik majmualarini tashkil etish, naslchilikni rivojlantirish, ozuqa bazasini mustahkamlash hamda mahsulotlarni qayta ishlash quvvatlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, yer ajratish, infratuzilmani tayyor holda taqdim etish va soliq imtiyozlari berish orqali o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi. Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, chorvachilik va urug‘chilik sohalarida tajriba almashish, investitsiyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi. Manfaatli loyihalarni amalga oshirish borasida fikr almashildi.
Abdulaziz Musayev, O‘zA