Shu kunlarda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi. Unda bir qator muhim uchrashuvlar, investitsion loyihalar asosida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, saudiyalik ishbilarmonlar bilan manfaatli kelishuvlarga erishish va boshqa muhim masalalarda muloqotlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Dastlabki uchrashuv Saudiya Rivojlantirish Fondi ijrochi direktori Sulton Abdurahmon Al-Marshad bilan bo‘ldi. Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qildi.

Muzokaralarda Toshkent viloyatida transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida zamonaviy loyihalarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, energetika, suv ta’minoti hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishlarida Saudiya Rivojlantirish Fondi imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Sulton Abdurahmon Al-Marshad Fond faoliyati, uning rivojlanayotgan mamlakatlarda barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, Fond tomonidan imtiyozli kreditlar va grantlar asosida moliyalashtirilayotgan loyihalar hamkor davlatlar uchun muhim amaliy natijalar berib kelayotganini bildirdi.

O‘z navbatida, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining investitsiya salohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlar va xorijiy moliyaviy institutlar bilan hamkorlik qilish uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida ma’lumot berdi. U Saudiya Rivojlantirish Fondi bilan uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish Toshkent viloyati uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, texnik maslahatlashuvlarni davom ettirish hamda kelgusida aniq yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik mexanizmlarini belgilash yuzasidan kelishib oldi. Navbatdagi uchrashuv Ko‘ngilochar tadbirlar bosh boshqarmasi Investitsiyalar va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Muhannad Xolid Al-Abbad bilan bo‘ldi.

Muloqot davomida har ikki tomon o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro yaqinlikni oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Saudiya Arabistonining “Riyod Bulvar” maydonida O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib etuvchi loyihalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek milliy taomlari restorani hamda hunarmandlar mahsulotlari uchun savdo nuqtalarini tashkil etish imkoniyatlari yuzasidan takliflar bildirildi.
Viloyat hokimi Z.Mirzayev mazkur tashabbuslar O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy an’analari va gastronomik salohiyatini keng jamoatchilikka namoyon etishga, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada boyitishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Suhbat so‘nggida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish hamda kelgusida aniq qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.
A.Musayev, O‘zA