Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro hamkorlik yanada takomillashadi
17:58 / 2023-02-24

Yaponiyaning “Sumitomo Corporation” kompaniyalar guruhi vakillari uran savdosi va uran ishlab chiqarish bilan bog‘liq hamkorlik istiqbollari va imkoniyatlarini muhokama qilish hamda fikr almashish maqsadida “Navoiyuran” davlat korxonasiga tashrif buyurdi.

“Sumitomo Corporation” kompaniyasi Yaponiyaning eng yirik ulgurji savdo tashkilotlaridan biri bo‘lib, 1919 yilda tashkil etilgan va bir asrdan ziyod vaqt davomida savdo va investitsiya sohasida faoliyat yuritib kelmoqda.  

bugungi kunda jahonning 66 mamlakatida 130 dan ortiq vakolatxonalariga ega bo‘lgan kompaniyada 79 ming nafardan ziyod kishi ishlamoqda. Umumiy faoliyatining qariyb 30 foizini konchilik, energiya ishlab chiqarish, kimyo va elektronika mahsulotlari tashkil qiladi.

“Navoiyuran” DK Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuvda Kompaniyalar guruhining Toshkent ofisi boshlig‘i Ito Akira tog‘-kon sanoati va uran ishlab chiqarish sohasiga oid yo‘nalishlari bo‘yicha to‘xtalib, raqamli transformatsiya, sulfat kislota, qo‘shma kreditlash kabi yo‘nalishlarda o‘z xizmatlarini taklif qildi.  

Mehmonlar korxonada sulfat kislotaga bo‘lgan talab va uni ishlab chiqarish jarayonlari bilan qiziqqan holda korxona ehtiyojiga qarab sulfat kislotasini yetkazib berish, sulfat kislota ishlab chiqarish zavodlari modernizatsiyasi va yangi sexlar qurish bo‘yicha bir qator takliflarini bildirdi.  

“Navoiyuran” davlat korxonasi rahbari Jahongir Hasanov “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni Sulfat kislota ishlab chiqarish sexi haqida ma’lumot berar ekan, so‘nggi yillarda sexda modernizatsiya ishlari olib borilishi natijasida mahsulot hajmini yiliga 550 ming tonnaga yetkazish imkoniyati yaratilgani, 2017 yilda ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan 5 MVt quvvatga ega Hindiston texnologiyasi asosida bug‘ turbinasi o‘rnatilishi natijasida sexning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi o‘zi tomonidan to‘liq qoplanayotganini aytib o‘tdi. Bu yechim yaponiyalik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘z navbatida kompaniya vakillari ishlab chiqarish samaradorligi yuqori va ekologik jihatdan yanada xavfsizroq bo‘lgan sex loyihasini ishlab chiqishlari mumkinligini bildirdi.  

Muloqotlar so‘ngida “Navoiyuran” DK rahbariyati mehmonlarning takliflarini o‘rganib chiqib, qisqa muddatlarda yana uchrashish bo‘yicha kelishib olindi. Shu kuni yaponiyalik mutaxassislar “Zafarobod” kon boshqarmasiga qarashli 2-Geotexnologik konining 13-lokal sorbsion qurilmasi faoliyati va tabiiy uran qazib olish jarayonlari bilan tanishtirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA