Toshkent viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan professional ta’lim tizimi takomillashmoqda. Yangiyo‘l agrotexnologiyalar texnikumi GIZ-Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan professional ta’lim tizimini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Shu munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda xorijlik hamkorlar «O‘rta Osiyoda professional ta’lim – Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqish sohasida tizimli yondashuvlarga ko‘mak» loyihasining xalqaro eksperti Fred Mens va Tea Siprashvili texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur ta’lim dargohining 2021/2022 o‘quv yili uchun GIZ-Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda «Non, makaron, qandolat va bulka mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish texnik-texnologi» mutaxassisligi uchun o‘quvchilar tanlov asosida qabul kvotasi shakllantirildi. Mazkur tashabbus doirasida ta’lim muassasasiga Germaniya davlatidan o‘quv amaliyoti uchun zarur texnikalar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda texnik kimyoviy nazorat uchun laboratoriya jihozlari va mini sex uchun pech va sovitish jihozlarining bir qismi olib kelindi.
Tadbir doirasida xorijlik mutaxassislar hududda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish tarmoqlari faoliyatini o‘rganib, yoshlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘z tavsiya va takliflarini bildirdi.

A.Musayev, O‘zA