Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universiteti diniy-ma’rifiy yo‘nalishda dunyo e’tirof etgan yetakchi oliy ta’lim dargohlaridan biri hisoblanadi. Ushbu universitet huzurida radikalizm, zo‘ravon ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishida Al-Azhar observatoriyasi faoliyat yuritadi.
Turli tillarda geoma’naviy tahdidlardan ogoh etuvchi media mahsulotlar tayyorlaydigan mazkur observatoriyaning rasmiy va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi tomonidan tayyorlangan “Hidoyat libosidagi jaholat” nomli hujjatli film o‘zbek va ingliz tillarida joylashtirildi.
Al-Azhar observatoriyasi va “Ziyo” media markazi hamkorligining ilk natijasi o‘laroq tayyorlangan mazkur filmda diniy radikalizmning tarixi, uning geosiyosiy omillar bilan bog‘liq jihatlari va yoshlar ongiga qanday ta’sir o‘tkazayotgani muxtasar tahlil qilingan.

Film ilm va ma’rifatning ahamiyatini, jaholat va radikallashuvning jamiyatni qanday halokatga olib borishini aniq misollar va ushbu mavzuga ixtisoslashgan teran fikrli ekspertlar ishtirokida ko‘rsatib beradi.
Filmda xalqaro ekspertlardan Misr Arab Respublikasidagi Ekstremizmga qarshi kurash “Al-Azhar” observatoriyasi direktori, islomshunos olima – Reyhan Abdulla Salama, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori Habibulla Sadibaqosov, Aleksandriya kutubxonasi direktori – sotsiolog olim, professor Ahmad Abdulla Zayed, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti direktori Husniddin Ahmedov ishtirok etgan.
Film muallifi: O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi-publitsist, “Ziyo” media markazi direktori Abdulhamid Muxtorov. Film rejisseri: O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi a’zosi, o‘nlab ssenariylar muallifi Mikoyil Sulaymonov. Mavzu bo‘yicha maslahatchi: tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori O‘tkirbek Hasanboyev.
Film jug‘rofiyasi O‘zbekiston, Misr, Turkiya davlatlaridagi ilmiy-tadqiqot markazlari va ularning ekspertlarini qamrab olgan. Ayni vaqtda keyingi qismlarini yaratish borasida ish olib borilayotgan “Hidoyat libosidagi jaholat” turkum filmlari “Ziyo” media markazining o‘z yo‘nalishida samarali xalqaro hamkorlikka va e’tirofga loyiq ilmiy-ijodiy salohiyatga ega kreativ sub’ektligini dalillaydi.

O‘zA