Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro hamkorlik ko‘lami yanada kengayadi
14:27 / 2024-09-19

Andijon davlat universitetida “Hamkorlik – jamiyatni modernizatsiya va rivojlantirishning asosi sifatida” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Andijon davlat universiteti hamda Turkiyaning “Akademik tadqiqotlar guruhi” hamkorligida tashkil etilgan xalqaro anjumanda mamlakatimizdagi, shuningdek, qator xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari olimlari, tadqiqotchilari, talaba yoshlar ishtirok etdi. 

Anjuman ochilishida Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Komiljon Komilov, Andijon davlat universiteti rektori Bahtiyorjon Akbaraliyev va boshqalar so‘zga chiqdi. Unda bugungi kunda O‘zbekistonning xalqaro doiradagi munosabatlarini, xorijiy kompaniyalar, tadqiqot markazlari, ta’lim muassasalari bilan ilmiy-amaliy hamkorligini har tomonlama rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, o‘tkazilayotgan turli tadbir, uchrashuv hamda muloqotlar samarali natijalar berayotganligi ta’kidlandi. 

[gallery-19346]

Anjumanda ta’lim va tarixiy tadqiqotlar yo‘nalishlari, shuningdek, davlat boshqaruvi, san’at sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. 

Anjumanda Turkiyaning Akademik tadqiqotlar guruhi rahbari, professor Osman Yilmaz, Karabuk universiteti professori Ufuk Karadavut, Nyu-Meksika universiteti professori Yuu Feng, O‘zbekiston xotin-qizlari “Olima” uyushmasi raisi, professor Rahbar Murtazayeva, Andijon davlat universiteti professori Ibrohimjon Asqarovning mavzu doirasidagi ma’ruzalari tinglandi. 

Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar va mavzu doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish, yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. 

Kunning ikkinchi yarmida anjuman o‘z ishini 11 ta yo‘nalishda shu’balar doirasida davom ettirdi. Mutaxassislar tomonidan qiziqarli ma’ruzalar o‘qildi, mashg‘ulot va taqdimotlar, savol-javoblar o‘tkazildi. 

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur anjuman ta’lim va tarixiy tadqiqotlar yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari