Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
18:32 / 2023-07-31

Xitoyning Nankin politexnika instituti vitse-prezidenti Chjao Xusheng boshchiligidagi delegatsiya Andijon mashinasozlik institutida bo‘ldi.

O‘tgan yilning iyun oyida Andijon mashinasozlik hamda Xitoyning Nankin politexnika institutlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Hamkorlik doirasida o‘tgan bir yil davomida institut qoshida Xitoy tilini o‘rganish va “Yong Li” texnik markazlari tashkil etildi, Luban ustaxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, institutlar professor-o‘qituvchilarning onlayn uchrashuvlari tashkil etilib, o‘zaro tajriba almashildi. Ana shu uchrashuvlar jarayonida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

[gallery-12971]

Institutlar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligining bir yilligi munosabati bilan Andijonga kelgan Nankin politexnika instituti vitse-prezidenti Chjao Xusheng boshchiligidagi delegatsiya vakillarini Andijon mashinasozlik instituti rektori Umidjon Turdialiyev qabul qildi. Muloqotda Xitoy tilini o‘rganish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida markazga xitoylik mutaxassislarni jalb etish, talabalarga Buloqboshi tumanida faoliyat yuritayotgan sement ishlab chiqaruvchi O‘zbekiston - Xitoy qo‘shma korxonasida amaliyot o‘tashlari uchun sharoit yaratib berish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, birgalikda ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, institutda bakalavriat ta’lim yo‘nalishida (2+2), magistratura yo‘nalishida (1+1) tizimida qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida yangi yo‘nalishlar ochish, Andijon mashinasozlik institutining elektrotexnika, elektromexanika, elektrotexnologiyalar, muqobil energiya hamda Nankin politexnika institutining elektr avtomatlashtirish texnologiyasi va issiqlik elektr inshootlari kabi ixtisoslik yo‘nalishlarini transformatsiya qilish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Muloqot va muzokaralar natijalariga ko‘ra, ikki tomonlama kelishuvga erishildi. Muloqotdan so‘ng mehmonlar institut faoliyati hamda o‘tgan bir yil davomida hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA