Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro hamkorlik kengayadi
10:49 / 2026-02-19

Rossiya Federatsiyasiga safar chog‘ida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashdi.

Unda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar doirasida hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini  muhokama qildi. Xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Rustam Minnixanov so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan hamkorlik izchil va jadal sur’atlarda rivojlanayotgani, xususan, qo‘shma loyihalar soni ortib borayotgani, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanayotgani va o‘zaro tashriflar faollashganini alohida qayd etdi. Bu borada, ayniqsa, Toshkent viloyati bilan amalga oshirilayotgan izchil hamkorlik samaralari har ikki tomon uchun manfaatli bo‘layotgani aytildi.  

U Toshkent viloyati bilan amaliy aloqalarni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv chog‘ida sanoat kooperatsiyasi, mashinasozlik, neft-kimyo, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik, mutaxassislar tayyorlash va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.

R. Minnixanov Tataristonga  va uning iqtisodiy salohiyatiga e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, o‘zaro sheriklikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini e’tirof etdi.  

O‘z navbatida Zoyir Mirzayev samimiy uchrashuv va do‘stona muloqot uchun mezbon tomonga minnatdorlik bildirib, samimiy ishonch va do‘stlikka asoslangan, real natijalar berayotgan  yangi tashabbus va loyihalarni hamisha qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.  

Tomonlar hamkorlikda hayotga tadbiq etilayotgan loyihalar yuzasidan ham fikr almashib, ularni yanada jadallashtirish bo‘yicha kelishib oldi.

A. Musayev, O‘zA