Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro hamkorlik hududlar rivojiga xizmat qiladi
09:56 / 2025-10-22

Shu kunlarda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya  Rossiya Federatsiyasida amaliy uchrashuvlar, samarali muloqotlar olib bormoqda.

Xususan, Zoyir Mirzayev Rossiya agrosanoatida yetakchilardan biri hisoblangan “Krasnыy mayak” kompaniyasi bosh direktori Vasiliy Finogeyev bilan muloqot qildi. Yaroslav viloyatida joylashgan mazkur kompaniya qishloq xo‘jaligi sohasidagi yuqori texnologiyali loyihalari va keng ko‘lamli ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan mashhur.  

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida uzoq yillik rivojlanish yo‘liga ega bo‘lgan mazkur tuzilma agrar sohaning bir qancha istiqbolli yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. U zamonaviy intensiv agrotexnologiyalar asosida sabzavotchilik, kartoshkachilik va chorvachilik yo‘nalishlarida istiqbolli loyihalarni mamlakat va uning tashqarisida ham muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. 

Mazkur agrosanoat tuzilmasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Piskent tumanida tashkil etilgan xo‘jalikda eng zamonaviy usullarda aysberg karamining bir necha turlari yetishtirilmoqda. E’tiborlisi, mahsulot to‘liq eksportga yo‘naltiriladi. Kelgusida ekin maydonlarini bir necha bor kengaytirish, shuningdek, ichki bozor ehtiyojlari uchun kartoshka va chorva mahsulotlari yetishtirish, ularni qayta tayyorlash va saqlash majmuasi barpo etish bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. 

Zoyir Mirzayev mezbonlar bilan suhbat chog‘ida mamlakatning agrar sohadagi bugungi salohiyati, xususan, keyingi yillarda sohada ilmiy yondashuvlar asosida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, yuqori hosildorlikka erishish yo‘lidagi muvaffaqiyatli qadamlar haqida alohida to‘xtaldi. 

Muloqotda kompaniya bilan birga Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan loyiha istiqbollari, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy standartlarni joriy etish, qo‘shimcha va yangi yo‘nalishlar bo‘yicha mavjud imkoniyatlar qizg‘in muhokama qilindi.

Shuningdek, Toshkent viloyati delegatsiyasi vakillari Ivanovo viloyati gubernatori Stanislav Voskresenskiy boshchiligidagi hudud mutasaddilari bilan ham uchrashdi. 

Suhbat chog‘ida Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining Rossiya Federatsiyasi hududlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalari jadal rivojlanib borayotganini, O‘zbekiston va Rossiyani an’anaviy do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklik munosabatlari bog‘lab turishini ta’kidladi. Ivanovo viloyati rivojlangan transport kommunikatsiyalar tizimiga, yuqori malakali kadrlar salohiyatiga ega bo‘lgan, xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari jadal rivojlanayotgan hududdir. Bu yerda yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, kimyo, axborot texnologiyalari, tibbiyot, elektronika, avtomobilsozlik va turizm sohalarida imkoniyatlar keng.

Uchrashuvda  mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, tajriba almashish, xususan, sog‘liqni saqlash, turizm, yengil sanoat, shuningdek, migratsiya va mehnat munosabatlari borasida ikki tomon uchun ham foyda keltiradigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Amaliy tashrif davom etmoqda. 

A. Musayev, O‘zA