Navoiy davlat pedagogika instituti va Belarus Respublikasining Polotsk davlat universiteti o‘rtasida imzolangan “Hamkorlik to‘g‘risidagi xalqaro memorandum”ga asosan universitetning gumanitar fanlar fakulteti dekani Aleksey Radyuk institutga keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, har bir oliy ta’lim muassasasi jahonning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatishi, o‘quv-pedagogik faoliyatda master-klasslar o‘tkazish, malaka oshirish kurslariga xorijiy hamkor ta’lim muassasalaridan yuqori malakali o‘qituvchilar va olimlarni faol jalb qilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, qarorda oliy ta’lim muassasalari magistrant, yosh o‘qituvchi va ilmiy xodimlarining stajirovka o‘tashi, professor-o‘qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish, oliy ta’limni yanada takomillashtirish, pedagog kadrlarning kasb mahorati sifati va saviyasini uzluksiz yuksaltirish, xorijda pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish va stajirovkasini o‘tkazish, OTM bitiruvchilarini PhD va magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitish kabi vazifalar ham belgilab qo‘yilgan.

Dastlab A.Radyuk institut ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori I.Nasriddinov bilan uchrashib, qo‘shma ta’lim dasturi doirasida olib borilayotgan ta’lim jarayoni, Polotsk davlat universitetida o‘zbekistonlik talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida o‘zaro fikr almashdi.

A.Radyuk tarix fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda doktorant, magistrantlari bilan uchrashib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Uning ishtirokida tarix fakulteti talabalari uchun ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari tashkil qilindi. Shuningdek, u qo‘shma ta’lim dasturi asosida tahsil olayotgan “Amaliy psixologiya” ta’lim yo‘nalishi talabalari bilan uchrashdi.

Aleksey Radyuk tashrifi davomida institut Axborot resurs markazida bo‘lib, kutubxona fondi va elektron katalog bilan tanishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA