Xalqaro ilmiy-akademik aloqalarni mustahkamlash bugungi ta’lim tizimining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan samarali va mazmunli hamkorlik aloqalari nafaqat tajriba almashish, balki o‘quv jarayonini innovatsion yondashuvlar bilan boyitishga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, yaqinda Qozog‘iston Respublikasi Semey shahridagi Shakarim universiteti o‘qituvchilari Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Nukus filialiga tashrif buyurishdi.
Tashrif doirasidagi dastlabki uchrashuv filial direktori, professor A.Yesimbetov ishtirokida bo‘ldi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqot chog‘ida mehmonlarga filial tarixi, mavjud yo‘nalishlar, o‘quv va ilmiy jarayonlar, xalqaro hamkorlik aloqalari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Tomonlar ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, akademik almashinuv, qo‘shma loyihalar va ilmiy izlanishlar borasida o‘z takliflarini bildirishdi.
E’tiborlisi, tashrif doirasida mehmonlar filialning iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga ma’ruzalar o‘qishdi. Jumladan, L.Gabdullina tomonidan o‘qilgan ma’ruza davomida Qozog‘iston va O‘zbekiston iqtisodiyotining hozirgi holati, ularning o‘zaro iqtisodiy hamkorligi, integratsion jarayonlar va mintaqaviy- iqtisodiy aloqalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ma’ruzada, shuningdek, mehnat bozori, eksport-import salohiyati hamda iqtisodiy jarayonlardagi o‘xshashlik va tafovutlar tahlil qilindi. Talabalar berilayotgan mavzuni katta qiziqish bilan tinglab, ma’ruzachiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Mazkur tashrif doirasidagi dars mashg‘ulotlari filialda ta’lim sifati va xalqaro tajriba almashuvini yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Filial bugungi kunda Qozog‘istonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlab, o‘zaro tajriba almashinuvi, ilmiy-pedagogik hamkorlik va akademik integratsiyani kengaytirishga intilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri