Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda
11:44 / 2024-02-20

Mamlakatimizning barcha oliy ta’lim dargohlari qatori Buxoro muhandislik-texnologiya institutida ham xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2023 yilda 25 dan ziyod xalqaro oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

O‘zbekiston-Turkiya II ta’lim forumida Buxoro muhandislik-texnologiya  instituti hamda Turkiyaning 9 ta oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida qo‘shma fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolandi. Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Xitoyning Yangchou politexnika instituti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Quvonarlisi, bularning barchasi “O‘zbekiston-2030” strategiyasining mazmun-mohiyatiga ham hamohang kechmoqda. Bunda asosiy e’tibor “yashil energetika”ni rivojlantirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.  

– Yurtimizda 2020-2030 yillarda energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha strategik dastur qabul qilingan, – deydi Buxoro muhandislik- texnologiya  instituti Energoaudit  kafedrasi mudiri Narzullo Mirzayev. – Dastur bo‘yicha bugungi kunda respublikamizda energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, shuningdek, mahsulotning hajmi va uning sifatiga ta’sir ko‘rsatmagan holda, mahsulotning energiya sig‘imini kamaytirish va, shuningdek, hozirgi kunda tezkorlik bilan rivojlanib borayotgan  dunyo “yashil energetika”ga  o‘tayotgan davrda respublikamizda ham “yashil energetika”ni rivojlantirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.  

Jumladan, Taraqqiyot strategiyasida ham ko‘rsatib berilgan, ya’ni respublikamizda bosqichma-bosqich energo bloklarni modernizatsiya qilish, muqobil  energiya  manbalarni  rivojlantirish  bo‘yicha asosiy vazifalardan  kelib chiqib, viloyatda ham, xususan institutimizda ham jami 315 kVga ega bo‘lgan 2 ming metr kv yuzada quyosh panellari o‘rnatilgan. Natijada ular institutda 60 foizgacha energiya  tejash imkoniyatini berayapti. Shu bilan birga Buxoro hududiy elektr tarmoqlari aksionerlik jamiyati bilan shartnoia imzolangan bo‘lib, ortiqcha elektr energiyasi davlatga uzatilmoqda.

Joriy yilning 22-23 yanvar’  kunlari Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligi tomonidan O‘zbekiston–Xitoy ta’lim forumi o‘tkazildi. Forumda O‘zbekiston tomonidan 37 ta, Xitoy tomonidan 110 ta yetakchi oliy ta’lim muassasasi rektorlari qatnashdi. Forumda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti Xitoyning 6 ta oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik o‘rnatdi. Xususan, Loyan Normal universiteti bilan akademik va ilmiy aloqalar, o‘quv va tadqiqot, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, tajriba almashinish va ikki diplomli ta’lim dasturlari bo‘yicha hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. Uning asosida ikki muassasa o‘rtasida bakalavrlar 2+2 hamda magistrlar 1+1 qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu dastur bo‘yicha 2024-2025 o‘quv yillarda jami 30 ta bakalavr hamda 10 ta magistrni energetika yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitish ishlari tashkil etiladi. Qo‘shma ta’lim dasturini amalga oshirish doirasida, o‘z ichiga  Avtomatlashtirish, Elektrotexnika, Robototexnika  hamda qayta tiklanuvchi energiyalarni yaratish sohalarini o‘zida mujassamlashtirgan fakultetni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Hozir xorijlik hamkorlar bilan birgalikda bu yo‘nalish ham mamlakatimizda fan va innovatsiyani bir vaqtda rivojlantirish orqali yashil energetikani rivojlantirishni bosh maqsad qilib olgan.  

Shuningdek, institutda xalqaro tajribalardan kelib chiqib, ilg‘or standartlarni joriy etish, jumladan o‘quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan ta’limdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, oliy ta’lim muassasasida texnopark, akselerator markazlarini tashkil etish hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qiluvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasa darajasiga olib chiqish maqsadida professor o‘qituvchilar va yoshlar tomonidan yangi innovatsion va startap g‘oyalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Eng muhim jihat, viloyatda ish boshlayotgan quyosh va shamol elektrostansiyalaridagi jarayonlarni tahlil qilish, shunga munosib kadrlar tayyorlash va ishlab chiqarish korxonalaridagi uskunalarni mahalliylashtirish ham buxorolik olimlarning asosiy vazifasiga aylangan.  

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi  farmoniga ko‘ra, Buxoro muhandislik -texnologiya institutida ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy etishga doir yangi chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Bundan tashqari, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash  yili”dagi ustuvor yo‘nalishlar ham oliygohdagi bosh mezonga aylangan. 

 [gallery-16042]

Umuman olganda, mamlakatimizda ta’limga qaratilayotgan e’tibor natijasida yoshlarning ilmiy salohiyati tobora yuksalyapti. Bu yangi ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirishdan tashqari, ularni mahalliylashtirish uchun ham imkonyat yaratmoqda.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),

O‘zA muxbirlari