Xalqaro hamkorlik aloqalari kengaymoqda
Oqova suv tizimlari odamlarning turmush farovonligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois davlatimiz tomonidan aholiga bu turdagi xizmatlar ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
"O‘zsuvta’minot" aksiyadorlik jamiyati va Germaniyaning “Bioworks” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi ham mazkur ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu hujjat asosida O‘zbekiston Respublikasida oqova suv tozalash inshootlari va suv ta’minoti ob’ektlarini loyihalashtirish, qurish, modernizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha kelgusida hamkorlik shartnomasini tuzishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shma vakillik kompaniyasini tashkil etish uchun asos bo‘ladi.
Tomonlar kelgusida samarali hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Nilufar Bozorova, O‘zA