Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro haftalikda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar e’tirof etildi
22:36 / 2024-10-23

Bugun Toshkent shahridagi «Renessans-hall» majmuasida Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida «Yashil taraqqiyot, xavfsiz turizm, oziq-ovqat xavfsizligi, zamonaviy agrotexnologiyalar va suv resurslari sohalarini rivojlantirish» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasida va oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar tahlili hamda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ushbu yo‘nalishdagi mavjud muammolarga yechim topish va kelajakdagi rejalar muhokama qilindi, deb xabar berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ushbu haftalik doirasida 350 dan ziyod xorijiy hamkorlar, ya’ni xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek, yirik biznes vakillari, ekspertlar ishtirok etmoqda. 

Haftalik doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda xorijiy va mahalliy ekspertlar, tahlilchilar Yangi O‘zbekistondagi demokratik islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar, mamlakatda vujudga kelayotgan mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy makon, tashqi va ichki siyosatning ustuvor vazifalari yuzasidan fikr almashishmoqda.

Bugungi davra suhbatda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni taqsimlash bo‘yicha yondashuvlar, qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan unumli va samarali foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda amalga oshirilayotgan ishlar, zamonaviy agrotexnologiyalarni qishloq xo‘jaligiga joriy etilishi hamda kichik biznes sohasini rivojlantirish borasidagi qadamlar haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.

Tadbirda 150 nafar mahalliy hamda xorijiy ekspertlar ishtirok etishdi. Ular orasida Slovakiyaning O‘zbekistondagi faxriy elchisi, «Shimco Group» kompaniyasi boshqaruv raisi Vasiliy Shimko, «Inexto» (Shveysariya) kompaniyasining MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Ruslan Lansov, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti professori Sergey Yazvenko kabi taniqli ekspertlar qatnashdi.

Tadbir davomida xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan bugun dunyo miqyosida ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirlari hamda aholi sonining oshib borishi nafaqat rivojlanayotgan, balki rivojlangan davlatlarda ham oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdek dolzarb masalani kun tartibiga qo‘ygani haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi eng asosiy manba esa har qanday davlatda ham, shubhasiz, qishloq xo‘jaligi ekanligi, shuning uchun ham cho‘llanish, qurg‘oqchilik, degradatsiya kabi xavf-xatarlar agrar sohada ham ilmiy izlanishlar, yangidan yangi innovatsiyalar ustida bosh qotirishga undayotgani haqida fikrlar bildirildi.

Bundan tashqari, suhbat chog‘ida dunyo davlatlari kabi O‘zbekistonda ham agrar soha rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgani, sohada hali foydalanilmagan imkoniyatlarni ishga solish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarining har bir qarichidan oqilona foydalanish, ekin maydonlarining sho‘rlanishiga qarshi kurashish, sho‘rga, suvsizlikka va turli zararkunandalarga chidamli, yangi ekin navlarini yaratish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani haqida ta’kidlab o‘tildi.

Tadbirda, shuningdek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019 yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Strategiya»sidagi ustuvor yo‘nalishlar va belgilab berilgan vazifalar haqida ma’lumot berildi.

O‘zA