Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro gullar festivali yakunlandi
17:00 / 2024-06-24

Qirq kun davom etgan, millionlab kishilarga go‘zallik va nafosat, zavq ulashgan, Namanganning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylanib ulgurgan oltmish uchinchi xalqaro gullar festivali o‘z poyoniga yetdi.

Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston bog‘i”da joylashgan yozgi amfiteatrda an’anaviy gullar bayramining tantanali yopilish marosimi ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Bayramona kayfiyatda kechgan tadbirda bir qator davlatlarning O‘zbekistondagi elchilari, diplomatik korpus vakillari, poytaxtimizdan kelgan taniqli san’atkorlar, viloyat faollari, nuroniylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  

Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov 1961 yildan buyon nishonlanib kelinayotgan oddiy gul bayrami Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqaro festival darajasiga ko‘tarilganini e’tirof etib, bu yilgi nafosat ayyomi ma’no va shakli-shamoyil jihatidan yanada boyitilganligini ta’kidladi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov gullar diyoriga xos bo‘lgan festivalda ijodkor va tadbirkor, mehnatkash va tanti namanganliklarning shijoati, intilishlarining mahsuli o‘z aksini topganligini qayd etdi.

Darhaqiqat, xalqaro gullar festivalining dovrug‘i nafaqat yurtimiz, balki butun dunyoga taralmoqda. Namanganga shu yil 19 maydan 23 iyunga qadar Qozog‘iston, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon, Hindiston, Qatar, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Koreya, Xitoy, Turkiya, Angliya, Nigeriya, AQSH, Avstraliya singari 60ga yaqin davlatdan 200 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurgani buning yorqin dalilidir.

To‘yga to‘yona deganlaridek, 65 gektar maydonda barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston bog‘i” hududida qurilgan 2400 o‘rinli yozgi amfiteatr 63-xalqaro gullar festivaliga munosib sovg‘a bo‘ldi. Betakror shukuhi bilan tarixga muhrlanib qolayotgan festivalning tantanali yopilish marosimi yangi bog‘da o‘tkazilganida ham o‘ziga xos ma’no mujassam.

Yurtimizda yaratilgan keng sharoitlar sabab Namangan bugungi kunda nafaqat gullari bilan, balki madaniyati, ma’naviyati, qurilish-obodonchilik sohasidagi salohiyati, hunarmandchilik, tadbirkorlik va biznesdagi tajribalari bilan barchani o‘ziga jalb etib kelmoqda.  

Joriy yil gullar festivaliga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Namangan shahrida 65 xildan ortiq 45 million tup gul ko‘chati ekildi. Birgina Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Madaniyat va istirohat bog‘idagi gullar soni 30 milliondan ortdi.  

Turli ko‘rgazma, madaniy-ma’rifiy tadbirlar saviyasi ham o‘sdi. “Moda va iste’dod -2024” modalar haftaligi, “Dron shou”, “Illyuziya shou”, miniatyura san’ati va rasmlar ko‘rgazmalari hamda taniqli san’atkorlarning maxsus dasturlari uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarga zavqu shavq ulashdi.

Ayniqsa, Pop tumanida uyushtirilgan “Lavanda sayli”, Chust tumanidagi Mavlono Lutfulloh bog‘ida o‘tkazilgan “Osh chempionati” kabi tadbirlar xalqaro gullar festivali hududi va qamrovini yanada kengaytirdi.  

Festival doirasida Namanganda ilmiy salohiyat, o‘zaro biznes hamda tadbirkorlik aloqalari bo‘yicha o‘nga yaqin xalqaro miqyosdagi seminar va uchrashuvlar, xorijiy hamkorlar ishtirokidagi tadbirlar ham tashkil etildi. Shuningdek, gullar diyoriga kelgan bir qator rivojlangan xorijiy mamlakatlarning yirik kompaniyalari, xususiy biznes egalari bilan istiqbolli shartnomalar imzolangani iqtisodiyotimiz rivojida alohida ahamiyat kasb etadi.  

Gullar bayrami faqatgina sayl-tomoshadan iborat bo‘lmay, balki viloyat turizm va iqtisodiy salohiyatini namoyon etish, xalqaro do‘stlik, madaniy, iqtisodiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish va mustahkamlashga hissa qo‘shdi.

Asosiysi, festival gul yetishtiruvchilar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, transport, umumiy ovqatlanish va boshqa ko‘plab xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida hamyurtlarimizning bandligini ta’minlash, qo‘shimcha daromad olishida muhim o‘rin tutdi.  

Natijada festival kunlari viloyat markazi va turistik hududlarda 90 mingdan ortiq aholi qo‘shimcha ish o‘rinlari bilan o‘zini o‘zi band qildi. buning natijasida qanchadan-qancha xonadonlarning ro‘zg‘origa daromad, baraka kirdi.

Statistika ma’lumotlarga ko‘ra, savdo va pullik xizmatlar ko‘rsatish hajmi festival kunlari 6 trillion so‘mni tashkil etdi. Hozirgacha Namanganga aynan 63-xalqaro gullar festivalida ishtirok etish uchun tumanlar, mamlakatimizning barcha hududlari va xorijdan kelgan mehmonlarning umumiy soni 6 million kishidan oshdi. Ayniqsa, qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurayotgan sayohatchilar oqimi davom etmoqda.

– Avvalo, xalqaro maqomdagi gullar festivaliga taklif etilganimdan bag‘oyat mamnunman. Ushbu tadbir orqali Namangan elining gulga bo‘lgan mehri yaqqol ko‘zga tashlanmoqda, – deydi Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Doktor Moxammad Monirul Islom. – Ayniqsa, bayramning yangi amfiteatrda tashkil etilgani ham odamlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda. Bunyodkor va samimiy xalqingizning mehnati samarasi bo‘lgan turfa gullar iforidan bahramand bo‘lish kishiga estetik ruh bag‘ishlaydi.

[gallery-17965]

O‘zbekiston san’at ustalari, taniqli xonandalar ishtirokidagi katta konsert dasturi 63-xalqaro gullar festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimiga ulandi.

Bu yilgi xalqaro tadbirni yuksak saviyada o‘tkazishga munosib hissa qo‘shgan faollar munosib ravishda rag‘batlantirildi. Jumladan, "Eng yaxshi dizayner yaratgan gulchi" sifatida  Mubosher Qodirov e’tirof etildi. Boshqarma va tashkilotlar o‘rtasida “Eng yaxshi landshaft dizayn” nominatsiyasi g‘olibligiga Namangan shahridagi Bobur nomidagi Madaniyat va istirohat bog‘i loyiq ko‘rildi. Hokimliklar o‘rtasida "Eng ma’naviyatga boy landshaft dizayn" nominatsiyasi bo‘yicha Yangi Namangan tumani g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ularga zamonaviy avtomashinalar kalitlari tantanavor tarzda taqdim qilindi.

Shuningdek, "Gullar festivali avtoparadidagi faol ishtiroki" uchun O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Namangan shahar bo‘limi, "Eng yaxshi gul kompozitsiyasi" uchun  Namangan viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi, "Milliy qadriyatlar bo‘yicha gulchilar sulolasi davomchisi" sifatida Ahmadjon Sultonovlar oilasi, "Gullar festivalini tashkil etishdagi xizmatlari uchun"  Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirxon Nuriddinov pul mukofotlari bilan taqdirlandi.  

Namangan osmoni mushaklarning maftunkor jilosi bilan barchaga zavqu shavq ulashdi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),

O‘zA muxbirlari