Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro gullar festivali: tayyorgarlik davom etmoqda
14:02 / 2021-05-21

Joriy yil 23-31 may kunlari Namangan shahrida 60-an’anaviy Xalqaro gullar festivali bo‘lib o‘tadi.

Ta’kidlash joiz, 1961 yildan buyon har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinadigan gullar bayramiga alohida e’tibor qaratildi.

Gullar bayramini xalqaro miqyosdagi festival darajasida yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14 apreldagi 232-son farmoyishi qabul qilindi. Mazkur hujjatga ko‘ra, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi respublika Ishchi guruhi komissiyasi tuzilib, gullar bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Qariyb ikki oydan buyon yirik ko‘lamdagi go‘zallik va nafosat tadbirini ko‘tarinki ruhda tashkil etish yuzasidan qizg‘in taraddud ko‘rilmoqda. Yakshanba kuni start beriladigan Xalqaro gullar festivaliga 500 mingga yaqin mahalliy va chet ellik sayyohlarning kelishi, xususan, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Pokiston, Xitoy, Eron, Turkiya kabi dunyoning 20dan ziyod mamlakatidan ming nafardan ziyod chet ellik mehmonlar, diplomatik korpus vakillari, investorlar va turistlarning ishtirok etishi kutilmoqda.

– Bayramning asosiy tantanalari bo‘lib o‘tadigan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududida yuzdan ortiq gulchilar tomonidan 10 millionga yaqin gullar ekildi. Bu yildan e’tiboran festivalda ishtirok etadigan mahalliy (har bir tuman bo‘yicha) hamda xorijiy gulchilar uchun alohida pavilonlar tashkil etildi, – deydi Namangan viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov. – Festival doirasida “Gulchilik va gulchilik san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya, shuningdek, xorij va mahalliy gulchilar ishtirokida mahorat darslari, sayllar, san’at ustalarining zamonaviy va kreativ usulda sahnalashtirilgan dasturlari namoyish etiladi.

San’atsevarlar ko‘nglidan chuqur joy olgan teatr va kino san’ati namoyandalari, O‘zbekiston xalq artistlari va xizmat ko‘rsatgan artistlar ishtirokida ko‘ngilochar, madaniy tadbirlar va konsert tomoshalari o‘tkaziladi.

Darvoqe, bu galgi festivalda gullar savdosi Bobur bog‘ida o‘tkazilmaydi. Buning uchun gulchilar va nafosat shaydolari bo‘lgan gul ixlosmandlariga qulay sharoitlar yaratish maqsadida viloyat teatri binosiga tutash “Adiblar xiyoboni” hududidan maxsus joylar ajratiladi.

Yubiley tarzida o‘tkaziladigan bu galgi xalqaro festivalni keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘nga yaqin chet el teleradiokompaniyalari va axborot agentliklari esa festival jarayonlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri jonli efirda namoyish etishni rejalashtirgan.

– Gullar bayramida qatnashishni nafaqat respublikamiz viloyatlari va shaharlari, balki xorijiy hamkor mamlakatlar tomonidan ham katta qiziqish bildirilmoqda, – deydi Namangan shahar hokimi G‘ofurjon Jamolov. – Xususan, Ukrainaning Xmelnitskiy shahri ma’muriyati tomonidan bo‘lajak xalqaro festivalida ishtirok etish, qolaversa, bayram tufayli Namangan shahri bilan birodarlashish taklifi aytildi. Bu esa festivalning butun dunyo bo‘yicha nufuzini oshirmoqda. Qolaversa, gullar bayramida ishtirok etish uchun viloyatimiz bilan birodarlashgan Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod, Pokiston Islom Respublikasining Panjob va Janubiy Koreyaning Seongnam shaharlari rahbarlariga taklifnomalar yubordik.

Chinakamiga go‘zallik va nafosat tarovatini ulashadigan, dillarga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydigan gullar bayrami Namangan Xalqaro aeroportida gullar avtoparadi bilan boshlanadi. “Afsonalar vodiysi” xiyobonida tantanali taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi. O‘n kunlik xalqaro festivalda faol ishtirok etadigan gulchilar va tashkilotlar qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, avtomobillar bilan mukofotlanadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA