Namanganda bir oy davom etgan va har yili an’ana tusini olgan xalqaro gullar festivali o‘z yakuniga yetdi. 62-Xalqaro gullar festivali chindan dillarga shukuh ulashdi. Davlatobod tumanidagi muhtasham “Afsonalar vodiysi” go‘zallik tematik parkining amfiteatrida nafosat bayrami g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu yilning 21 mayida boshlangan festivalning asosiy tantanalari o‘tkazilgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida betakror gul ko‘rgazmalari, turfa madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar dasturlar barchaga zavq ulashdi. Tantanali marosimda so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov xalqaro gullar festivali Namangan viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutayotganligini ta’kidladi.
Bu yilgi festivalda Bobur bog‘iga 22 million tup, ko‘cha va xiyobonlarga 10 million tup hamda “Afsonalar vodiysi” parkiga 10 million tupdan ortiq gul ko‘chatlari ekildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 15 million tupga ko‘p. Prezidentimiz tashabbusi bilan festival muddati bir oyga uzaytirilgani natijasida hozirga qadar 6 milliondan ortiq gul shaydolari, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Hindiston, Koreya, Xitoy, Pokiston, Zambiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Germaniya, Eron kabi 40 dan ziyod mamlakatdan 100 mingga yaqin xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi.
Xalqaro gullar festivali doirasidagi xalqaro axborot texnologiyalari forumi, xorijiy ekspertlar ishtirokidagi ilmiy-amaliy konferensiya, hunarmandlar ko‘rgazmasi, o‘zbek palovi chempionati, qo‘l jangi bo‘yicha xalqaro chempionlar turniri, Farg‘ona vodiysi modalar haftaligi, jahon kinosi haftaligi, O‘zbekiston milliy simfonik orkestrining ochiq osmon ostidagi konserti, O‘zbek milliy akademik drama teatri spektakllari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Aykulash” ansambli konserti, “askiya va kulgi”, “nazm va navo” kechalari festival mazmundorligini yanada oshirdi.
Ayniqsa, jahon estradasining taniqli namoyandalari turkiyalik Rafet El Roman, ozarbayjonlik Talib Tale va Zaynab Hasaniyning katta shou-konserti festival mehmonlari uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi. Mahalliy va xorijiy mehmonlarni o‘zining muattar atri ila rom etgan gullar nafaqat go‘zallik, balki millatlar o‘rtasida do‘stlik va tinchlik ramziga ham aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunonchi, dunyoning ayrim davlatlarida yuz berayotgan beqarorlik, turli mojarolar kechayotgan ayni kezda Yangi O‘zbekistonning gullarga to‘la zaminidagi ifor orqali tinchlik-osudalik keng targ‘ib etilmoqda. Darhaqiqat, ozod va obod, mustaqil yurtga mana shunday bayramlar yarashadi. Zero, poklik va go‘zallik ramzi bo‘lgan gullar har qanday bayramning bebaho nishonasidir.
– Namanganga uchinchi bor kelishim, Xalqaro gullar festivalidagi bir-birini takrorlamaydigan kompozitsiyalarni ko‘rib hayratlandim, – deydi Rossiyaning “RTV” telekanali muxbiri Sarvinoz Karimova. – Bu ajoyib jarayonlarni telekanalimiz orqali muntazam yoritib bordik. Odamlar nafaqat bayramlarda balki boshqa kunlarda ham mana shunday go‘zallikdan bahramand bo‘lib turishlari kerak. An’anaviy gullar festivali yakunlariga ko‘ra, hokimliklar o‘rtasida Norin tumani hokimligi, tashkilotlar va boshqarmalar orasida – “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Namangan filiali – “Eng yaxshi landshaft dizayn uchun”, Chortoq tumanidagi “Chortoq Mineral Water” MCHJ qo‘shma korxonasi – “Avtoparadda eng yaxshi gulga bezatilgan avtomashina”, professional gulchi Oybek Nuriddinov – “Eng yaxshi dizayner gulchi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblarga “Jentra” va “Monza” avtomashinalari topshirildi. Shuningdek, “Eng yaxshi qadimiy gulchi sulola davomchisi”, “Eng yaxshi gul kompozitsiyasi”, “Eng yaxshi gulchilik maktabining gulchisi”, “Eng ko‘p gul yetishtirgan gulchi”, “Gullar festivali gul avtoparadida faol ishtirok etgan kun qahramoni” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar ham taqdirlanib, ularga pul mukofotlari taqdim etildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ozoda Nursaidova, Ulug‘bek Rahmatullayev hamda viloyat san’at ustalari ijrosidagi qo‘shiqlar bayramga yanada shodu hurramlik ulashdi. Bayram yakunidagi o‘ziga xos mushakbozlik tomoshalari esa marosimga to‘plangan katta-yu kichikka birdek olam-olam quvonch ulashdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA