Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro forumda yangi imkoniyatlar va istiqbollar muhokama qilindi
17:09 / 2021-03-30

Poytaxtimizda O‘zbekiston mehmonxonalar assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ko‘magida koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini bartaraf etish va sayyohlik biznesi vakillarining inqirozdan chiqish masalalarini muhokama qilish maqsadida “HOTEL BUSINESS FORUM – 2021” forumi tashkil etildi.

Tadbirda turizm bozori segmentlari va mehmonxonalarning 100 ga yaqin vakili ishtirok etdi. Shuningdek, forum doirasida mahalliy va xorijiy turistlarga sayohatlarida xavfsizlikni ta’minlash, sayyohlar oqimini oshirish, mamlakatning epidemiologik xavfsiz ekanligi yuzasidan “Uzbekistan Safe Travel GUARANTEED” (“O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat KAFOLATLANGAN”) tizimini keng targ‘ib qilish hamda ushbu tizim bo‘yicha barcha turizm ob’ektlari va joylashtirish vositalari (mehmonxonalar)ni sertifikatlashtirishga jalb etish yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borildi.

Turizm “COVID-19” pandemiyasi natijasida jahon iqtisodiyotida eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalardan biri bo‘ldi.

Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab vaziyat davom etayotganligiga qaramay mamlakatimizda mehmonxona xo‘jaligini rivojlantirish sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 6 oktyabrdagi qaroriga muvofiq joriy yilning birgina 1-choragi davomida 110 ta joylashtirish vositasiga umumiy qiymati 2 milliard 602 million so‘mdan ortiq mablag‘ Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalandi. Shu bilan birga, davlat byudjetidan yangi mehmonxona tashkil qilgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 8 nafar investorga 21,0 milliard 360 million so‘m miqdoridagi subsidiya ajratildi.

Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi tomonidan belgilanadigan mezonlar asosida 12 oy muddatga bir martalik maqsadli foizsiz ssudalar, ya’ni 191 ta joylashtirish vositasiga jami 14,5 milliard so‘m maqsadli foizsiz ssuda ajratilishi ta’minlandi.

Pandemiya sharoitida sayyohlar salomatligini himoya qilish eng asosiy vazifa ekanligini anglagan holda, “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” (“O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat KAFOLATLANGAN”) tizimi ishlab chiqildi. Bunda xorijiy sayyohlar mamlakatimiz hududida bo‘lgan davrida “Covid-2019” infeksiyasini yuqtirib olgan taqdirda, ularga kompensatsiya mablag‘lari Xavfsiz turizm jamg‘armasi hisobidan to‘lab berishi belgilandi.

[gallery-1821]

Mazkur tizim xavfsiz ob’ektlar resstrini shakllantirishga qaratilgan hamda reyestrga kirish uchun ob’ektlar mutaxassislari o‘rnatilgan talabga binoan o‘quv va tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lib, tegishli sertifikatga ega bo‘lishi lozim.

Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish va turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yanada rag‘batlantirish maqsadida joriy yilning 1 martidan boshlab mehmonxona xizmatlari xarajatlarining 10 foizini subsidiyalashtirish ham rejalashtirilmoqda.

– Turizm sohasini, jumladan, mehmonxonalar faoliyatini qayta tiklashdan asosiy maqsadimiz soha mutaxassislarini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlashdan iborat, –deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov. – Bu esa, o‘z navbatida, xalqimiz farovonligi omili bo‘lib xizmat qiladi. Global pandemiya tufayli, ayniqsa, mehmondo‘stlik sanoati katta yo‘qotishlarga duch keldi. Biz tez orada inqiroz davridan chiqib ketamiz va turizm sohasini yana bir bor mamlakatimiz iqtisodiyotining ilg‘or sohalaridan biriga aylantiramiz. bugungi o‘tkazilayotgan forum ham turizm sohasi va uning infratuzilmasini qayta tiklashda alohida ahamiyatga ega bo‘lib, soha tadbirkorlarining o‘z faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yishiga ijobiy turtki berishiga umid bildiraman.

Turizm sohasida mehnat bozori tahlil qilinganda, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlarni shakllantirib borish maqsadida ish beruvchilar bilan hamkorlikni tashkil etishga qaratilgan “Travel-job.uz” onlayn-platformasi yaratildi va ushbu platforma turizm sohasidagi istiqbolli start-up loyihalar va innovatsion biznes g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tanlov doirasida 80 million so‘m miqdorida moliyalashtirildi.

2021-2022 o‘quv yilidan boshlab Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida “Ziyorat turizmi”, ”Transport logistikasi”, “Ijodiy sanoat” va “Madaniy, tabiiy va aralash meros ob’ektlarini boshqarish ” mutaxassisliklari hamda “Amaliy tillar”, “Smart turizm” va “Turizmda media va kommunikatsiya” yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida”gi Bitimga muvofiq O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan sayyohlik sektori vakillarining malakasini oshirish maqsadida 2019 yil dekabrda Toshkent shahrida Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi mutaxassislari ishtirokida o‘quv kurslari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bepul o‘quv kurslarida mehmonxona ma’muri, qavatlarga xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishida jami 100 ga yaqin xodim malaka oshirdi.

Endilikda pandemiya holati sezilarli darajada yengillashgani va xalqaro aviaqatnovlar tiklanganini inobatga olib, 2021 yil aprel-may oylarida turk mutaxassislari ishtirokidagi joylashtirish xizmatini ko‘rsatuvchi xodimlar uchun o‘quv- seminarlarni Samarqand va Buxoro shaharlarida tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, joylashtirish vositalari xodimlari uchun alohida mobil ilova ishlab chiqildi va mazkur mobil ilova tourquality.uz veb-sayti va Play Store tizimiga yuklab olish uchun joylashtirildi. Ushbu ilova yordamida joylashtirish vositalari xodimlari o‘zlarining kasbiy yo‘nalishlari bo‘yicha matn va audio shaklida ma’lumotlarga ega bo‘lib, mustaqil ravishda o‘z malakasini oshirib borishi mumkin.

Tadbir doirasida yetakchi xalqaro ekspertlar, spikerlar va moderatorlar, otelerlar, turoperatorlar, marketologlar, IT-kompaniyasining vakillari inqirozdan chiqish bo‘yicha eng yaxshi loyihalar bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA