English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro forum yosh liderlarni birlashtirdi
14:43 / 2021-11-23

Rossiyaning Omsk shahrida “Rossiya – Markaziy Osiyo mintaqasi” xalqaro loyihalar ofisi tashabbusi bilan Rossiyaning Yoshlar ishlari federal agentligi hamda Omsk viloyatining Yoshlar ishlari, jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamkorligida “Rossiya – Markaziy Osiyo mintaqasi” mavzusidagi yosh liderlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda tegishli davlat organlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan forumda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston mamlakatlarining vazirliklari, yoshlar ishlari agentliklari vakillari hamda talaba-yoshlari ishtirok etdi.

Forum davomida ishtirokchilar tomonidan Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarining yoshlari o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati, kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida, volontyorlik, yoshlarning ekologik muammolarni bartaraf etishdagi o‘rni, koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatlarda amalga oshirilgan qarshi choralar va urbanizatsiya kabi mavzular muhokama qilindi.   

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Islom Oxunov ham nutq so‘zlab, Markaziy Osiyo mintaqasining hozirgi kundagi muhim strategik makon ekanligi hamda u yerda yashovchi qardosh millatlar o‘rtasida barcha sohalardagi hamkorlik juda muhim ekanligini ta’kidladi.   

“Rossiya – Markaziy Osiyo mintaqasi” xalqaro loyihalar ofisi bilan hamkorlikda 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan loyihalar muhokamasida O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etishi hamda forumning uzviy davomiyligi sifatida O‘zbekiston tomonidan “Markaziy Osiyo yoshlar forumi” tashkil etilishi ma’lum qilindi.   

Tadbir davomida loyiha yozish bo‘yicha trening tashkil etildi hamda ishtirokchilar 3 guruhga bo‘lingan holda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashgan holda o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi.   

Forum so‘ngida guruh vakillari tomonidan jami 10 ta loyihalarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mutaxassislar tomonidar har bir loyiha bo‘yicha tegishli fikr-mulohazalar bildirildi hamda loyihalar “Rossiya – Markaziy Osiyo mintaqasi” xalqaro loyihalar ofisi tomonidan kelgusida moliyalashtirilishi bo‘yicha dastlabki xulosalar berildi.

Shuningdek, forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining bo‘lim boshlig‘i Bibijan Aralbayeva tomonidan “Ekologik muammolarni yechishda yoshlarning o‘rni” mavzusida taqdimot qilindi. Unda Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarining eko-volontyorlari va atrof-muhitni asrab-avaylash hamda ushbu mavzu bilan bog‘liq loyihalarni yaratishga qiziquvchilar ishtirok yetdi.

Sessiya davomida ishtirokchilar asosiy ekologik muammolar, jumladan, chiqindilarni qayta ishlash va tabiiy suv havzalari masalalarini muhokama qildilar. Volontyorlik masalasida Rossiya Volontyorlik markazlari assotsiatsiyasi va Qozog‘istonning Milliy volontyorlik tarmog‘i tashkilotlari, shuningdek Rossiya Federatsiyasining “Delay” ekologik harakati bilan hamkorlik qilish masalalari belgilab olindi.    

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA