Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro forum yakuni bilan Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi
08:45 / 2021-06-25

Buxoroda ikki kun davom etgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” Xalqaro forumda erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularni hal qilishning samarali yechimlari, istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

Yakunlovchi sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norbayeva qatnashdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning rolini yanada oshirish, parlament nazorati samaradorligini mustahkamlash hamda inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi parlament a’zolari va xorijiy ekspertlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangani ta’kidlandi.

Tadbirda global forumni har ikki yilda o‘tkazish, ushbu davrda hamkorlikda amalga oshirgan ishlar, erishgan yutuqlar, shuningdek mintaqaviy va global miqyosda yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilib borish, aniq natijalarga yo‘naltirilgan hamkorlikdagi dasturlarni qabul qilish taklifi ilgari surildi.  

[gallery-2919]

Yakunlovchi sessiyada BMT Bolalar jamg‘armasining (YUNISEF) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade ham so‘zga chiqdi. U o‘z so‘zida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlikka ilk qadam qo‘yilganini qayd etdi. Shuningdek, forum natijalariga to‘xtalib o‘tdi.

“Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” Xalqaro forumi doirasida Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi. U barqaror rivojlanish bo‘yicha global kun tartibini yanada inklyuziv, ochiq va shaffof amalga oshirishni ta’minlashning qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli yo‘llarini nazarda tutadi.

Hujjatda yoshi, jinsi, nogironligi, irqi, millati, kelib chiqishi, dini va iqtisodiy va boshqa holatidan qat’i nazar, barcha shaxslarning siyosiy jarayonlarda ishtirokini ta’minlash nazarda tutiladi.

Shuningdek, deklaratsiyaga muvofiq parlamentlar global pandemiyaning iqtisodiy natijalarini hisobga olgan holda asosiy ustuvor yo‘nalishlar va indikatorlarga ega Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga doir dasturlarni (rejalarni, “yo‘l xaritalari”ni) ishlab chiqish, ko‘rib chiqish va tasdiqlashga jalb etiladi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlar gender tenglikka e’tibor qaratgan holda inson huquqlarini himoya qilishni targ‘ib qilish choralarini ko‘rishi, rivojlanayotgan mamlakatlarni tashqi samarali va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun parlamentlararo hamkorlik yo‘llaridan faol foydalanishi, 2030 yilgi kun tartibiga erishishda barqaror rivojlanish muammolarini yengib o‘tish, samarali strategik va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun eng yaxshi amaliyot va tavsiyalar almashishi kerakligi belgilab berildi.

Shuningdek, barqaror rivojlanish sohasidagi qonunchilik siyosatini muhokama qilish va targ‘ib qilishda muhim rol o‘ynaydigan parlament fraksiyalari va siyosiy partiyalar guruhlarining salohiyatini oshirish, shuningdek, umumiy g‘oyalarni targ‘ib qilish uchun parlament a’zolarining mintaqaviy va global tarmoqlari bilan muloqotni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayoniga fuqarolik jamiyati, xususan siyosiy partiyalar, nodavlat tashkilotlar, xayriya tashkilotlari, xususiy sektor, ilmiy muassasalar va boshqa barcha darajadagi manfaatdor tomonlar ham faol jalb etiladi.

Buxoro deklaratsiyasi Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha boshqa yo‘nalishlarini ham qamrab oladi.

Shuning bilan Buxoro shahrida o‘tkazilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” Xalqaro forumi o‘z ishini yakunladi.

 

Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA