Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro forum samarali bo‘ldi
20:00 / 2023-11-27

Saudiya Arabistoni Qirolligining Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) va Musulmonlar jahon ligasi (MJL) hamkorligida “Ommaviy axborot vositalarida nafrat va zo‘ravonlik tarqalishi avj olishini kamaytirish” mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 50 dan ziyod davlatlari axborot agentliklari vakillari, islom olamining mashhur ulamolari, vazirlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etgan tadbir ochilish marosimi, to‘rt asosiy sessiya va yakuniy qismdan iborat bo‘ldi.

Forum ochilishidan avval Qur’on tilovat qilindi. So‘zga chiqqanlar bugungi kunda dunyoda ro‘y berayotgan voqealarga, xususan Yaqin sharqdagi tahlikali vaziyatga alohida to‘xtaldi. “Media platformalarida nafrat so‘zlari va zo‘ravonlikka qarshi kurashda diniy institutlar va yetakchilarning o‘rni” mavzusidagi birinchi sessiyada mafkuraviy institutlar va diniy yetakchilarning yolg‘on yoki noxolis xabarlar, nafratni kuchaytiruvchi va zo‘ravonlik tuyg‘usini uyg‘otuvchi media mahsulotlarga qarshi kurash masalasi muhokama qilindi. Mavzu doirasida Vatikan, Hindiston, Pokiston, Argentina, Iordaniya, Turkmaniston, Rossiya, Senegal kabi mamlakatlar vakillari ma’ruza qildi. Sessiya yakunida MJL va UNA-OIC o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.  

Forumning ikkinchi sessiyasi “OAVda tarafkashlik va noto‘g‘ri ma’lumot” mavzusiga bag‘ishlandi. Xalqaro masalalarni yoritishda tarafkashlikka yo‘l qo‘yilishi, noxolis ma’lumotlar berilish holatlari o‘rganilib, misol tariqasida Falastin masalasi ko‘tarildi. OAVning masalaga nisbatan bir yoqlama qarashi, faktlarni buzib ko‘rsatishi nafrat tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilishi urg‘ulandi. Shuningdek, voqealarni yoritishda qo‘llanadigan noto‘g‘ri ma’lumotlar mexanizmi va ayrim OAV axloqiy va professional me’yorni buzayotgani haqida so‘z bordi. Mavzu yuzasidan qizg‘in munozaraga Shveysariya, Misr, Tunis, Chad, Jibuti, Xorvatiya, Qirg‘iziston, Liviya, O‘mondan kelgan mutaxassislar qo‘shildi. Uchinchi sessiya muhokamasi markaziga “Xalqaro mediada axloqiy javobgarlik” mavzusi qo‘yilib, diniy va gumanitar masalalarni yoritishda jurnalistlar va OAV vakillarining axloqiy javobgarligi masalasi muhokama qilindi. Sessiyada jurnalistlarning jamiyat oldidagi mas’uliyati, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish, his-tuyg‘uni boshqara olmaslik amaliyotidan qochish zarurligiga urg‘u berildi. Munozarada Jazoir, Mavritaniya, Eron, Quvayt, Iroq, Somali davlatlari ekspertlari qatorida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Xalqaro axborot tahririyati bosh muharriri o‘rinbosari O‘tkir Alimov ham faol ishtirok etdi.  

“Nafrat nutqi va ekstremizmga qarshi kurashda xalqaro din va ommaviy axborot vositalari alyanslarining roli” nomli to‘rtinchi sessiyani Misrdagi Islom universitetlari ligasi bosh kotibi doktor Sami Muhammad Robi Al-Sharif olib bordi. Sessiyada nafrat so‘zlari va ekstremizmga qarshi kurashish uchun xalqaro darajada diniy tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida samarali sheriklik o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi. OAV vakillarini diniy jihatga ega muammolarning nozikligini hisobga oladigan professional yondashuvlarni qabul qilishga undash yo‘llari taklif qilindi. Dunyo bo‘ylab ekstremistik fikrga qarshi kurashda sa’y-harakatni muvofiqlashtirish, tajriba almashish uchun tegishli tuzilmalar o‘rtasida xalqaro media sherikligi va ittifoqini o‘rnatish bo‘yicha g‘oyalar taqdim etildi. Marokash, Livan, Kamerun, Pokiston, BAA, Rossiya kabi bir qator davlatlarning vakillari ham  so‘zga chiqdi.  

Muharrama Pirmatova, O‘tkir Alimov, O‘zA  

Jidda, Saudiya Arabistoni