Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro forum qatnashchilari Konigil qishlog‘i tajribasini o‘rgandi
16:03 / 2024-08-29

Toshkent shahrida boshlangan Xalqaro ko‘p o‘lchovli kambag‘allik tarmog‘ining (MPPN) 9-yig‘ilishi ishtirokchilari 29 avgust kuni Samarqandda bo‘ldi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) hamda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi hamda Oksford kambag‘allikka qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish tashabbusi (OPHI) ko‘magida tashkil etilgan forum qatnashchilari Samarqand tumanidagi “Konigil turizm qishlog‘i” va Konigil mahallasida aholini kambag‘allikdan chiqarish, bandligini ta’minlash va doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdilar, aholi xonadonlarida bo‘ldilar. 

Konigil – yurtimizdagi ilk turizm qishloqlaridan biri hisoblanadi. Azaldan mazkur hududda hunarmandchilik rivojlangan. Shuning uchun ayni paytda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini kambag‘allikdan chiqarish va bandligini ta’minlashda turizm va hunarmandchilik asosiy drayver sifatida belgilangan. Bu borada dasturlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Hududda turizm infratuzilma ob’ektlari yaratilgan va bu jarayon davom etmoqda. 

[gallery-19003]

Xorijlik mehmonlar va xalqaro tashkilotlar ekspertlari ushbu mahalla misolida “mahallabay”, “xonadonbay” ishlash, ijtimoiy daftarlar tizimi bilan yaqindan tanishdi. Aholi xonadonlarida bo‘lib, kishilarning uy sharoitida hunarmandchilik, dehqonchilik qilib yoki turistik xizmatlar ko‘rsatish orqali daromad topishi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi. 

– Aholi o‘zini qiynagan masalalarga yechim topishi uchun mahallaning o‘zida tegishli sohalar mutaxassislarining faoliyat olib borishi yaxshi tajriba ekan, – deydi Oksford kambag‘allikka qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish tashabbusi (OPHI) direktori Sabina Alkair. – Hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim va soliqchining vazifalari bilan tanishdik, odamlarni kambag‘allikdan chiqarishda ularning har birining o‘ziga yarasha mas’uliyati bor. Bu aholining ta’lim olish, tibbiy xizmatdan foydalanish va davlat tomonidan ijtimoiy muhofaza qilinishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘z navbatida bu yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rsatkichlarning yaxshilanishi kambag‘allik darajasining pasayishiga yordam beradi. 

Yig‘ilish ishtirokchilari turizm qishlog‘idagi “Konigil meros» xususiy korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Bu yerda qadimgi an’analar asosida dunyoga mashhur Samarqand qog‘ozi ishlab chiqarish, shuningdek, o‘simlik yog‘i tayyorlash texnologiyasini kuzatdilar.

Samarqandga tashrif davomida mehmonlar shahardagi tarixiy madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylarni ham tomosha qildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari