Joriy yilning 5-6 oktyabr kunlari Nukus shahrida Markaziy Osiyo pedagoglari xalqaro forumi tashkil etilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan ushbu forumda Markaziy Osiyo davlatlarining ta’lim tizimi vakillari, o‘qituvchilar, xorijiy hamkorlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etadi.

“Markaziy Osiyo o‘qituvchilari – bir mintaqa, bir ovoz, bir kuch!” shiori ostida o‘tkazilayotgan ushbu anjumanda innovatsion metodlar va o‘qitish texnologiyalari, raqamli ta’lim imkoniyatlari hamda ekologik tarbiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Forumda ishtirok etadigan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, shuningdek Ozarbayjon va Turkiya davlatlari ta’lim tizimi xodimlari, o‘qituvchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasiga keldi.
Mehmonlar forum doirasida dastlab Chimboy tumanidagi Amfiteatrda tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok etdi. Qoraqalpoq milliy taomlari hamda xalq san’ati namunalaridan bahramand bo‘lishdi.

Forum ishtirokchilari Taxtako‘pir tumanida joylashgan “Qora teran” sayyohlik markaziga tashrif buyurishdi hamda bu yerdagi qator madaniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etishmoqda.
Hududda tashkil etilgan qoraqalpoq milliy san’ati namunalari hamda etnografik badiiy chiqishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Bugun shuningdek, o‘qituvchilar uchun o‘quv seminar tadbirlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri